Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga koʻra, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki joʻnatganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish, oʻsha harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, quyidagi jazo choralaridan biri qoʻllanishi belgilandi:
— BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima;
— 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
— 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 1-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash;
— 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.