Maʼlum qilinishicha, kuchli tuman sababli — koʼrish masofasi 50 metrga yaqin — “Ural” aviakompaniyasining Qozon shahridan parvoz qilayotgan SVR2161 samolyoti soat 08:48 da Namanganga qoʼna olmadi va Toshkentdagi zaxira aerodromiga joʼnab ketdi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY9620 qatnovi ham ob-havo sharoiti yomonligi bois Namanganga qoʼna olmadi va Fargʼonadagi zaxira aerodromiga yuborildi.
Аndijon aeroportida ham xuddi shunday holat kuzatildi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Moskvadan HY-622/621 qatnovini amalga oshirgan havo kemasi ham soat 10:45 da belgilangan aeroportga qoʼna olmasdan Fargʼonadagi zaxira aerodromiga uchib ketdi.
Meteorologiya xizmati prognozlariga koʼra, ushbu aeroportlar ob-havo sharoiti tufayli taxminan soat 14:00gacha yopiq boʼladi. Rejalashtirilgan barcha qatnovlar eng yaqin muqobil aerodromlarga yoʼnaltiriladi.