Kuchlilar saralandi

    Kuni kecha, Namangan shahridagi Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida, Muaytay sport turi boʻyicha yoshlar va kattalar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi.

    Musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Samarqand, Fargʻona, Andijon, Namangan va Toshkent shahridan 350 nafardan ziyod sportchi 56 vazn toifasida bahslashdi.

    Chempionatda Namangan muhandislik-texnologiya instituti talaba qizlari yuqori natijalarni qoʻlga kiritishdi.

    NamMTI dotsenti, Muaytay sport ustasi, murabbiy Ulugʻbek Qoʻchqorov boshchiligidagi jamoa, Parizoda Xabibjonova, Fotima Qambarova, Kamola Karimova, Zebo Hamidova, Madina Muhammadova, Gulchehra Umarova, Roʻzimuhammad Tusmatov, Ilhom Xolmirzayev, Rahimjon Boltaboyev, Zuhriddin Jumayev oʻz vazn toifalarida chempionlikni qoʻlga kiritdi.

    Umumjamoa hisobida chempionat shohsupasining birinchi pogʻonasini namanganlik muaytaychilar egalladi. Toshkent hamda samarqandlik sportchilarga ikkinchi va uchinchi oʻrinlar nasib etdi.