Kulolchilik koʻrgazmasi ish boshladi

    Mamlakatimizda 5 Iyul 2020 1888

    Xivaga, Ichan Qala davlat muzey-qoʻriqxonasiga xorijdan va respublikamiz viloyatlaridan tashrif buyuradigan sayyohlar, shuningdek, mahalliy aholi vakillari endilikda yana bir imkoniyatdan bahramand boʻlishadi.

    Toshhovli meʼmoriy yodgorligi majmuasida yangi kulolchilikka bagʻishlangan doimiy koʻrgazma tashkil etildi.

    Maʼlumki hunarmandchilik, amaliy sanʼat, shu jumladan kulolchilik tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Yangi koʻrgazma esa tashrif buyuruvchilarni sohaning oʻtmishi va buguni bilan tanishtiradi.

    Muzey fondi, boʻlimlaridagi ilmiy xodimlar harakat va izlanishlari tufayli toʻplangan turli davrlarga oid xum, koʻza, lagan, kosa, shamdon, Pahlavon Mahmud maqbarasi uchun ishlangan yozuvli, naqshinkor koshinlar va turli nozik hunar namunalari koʻrgazmadan oʻrin olgan.

    Bu yerda shuningdek, XIX asr oxirlarida Xiva bozoridagi kulolchilik rastalaridagi savdo-sotiq, Xorazm kulolchilik maktabi yirik vakillari Rahimberdi kulol, Otajon kulol, Sultonbardi kulol va boshqalarning portretlari, ish jarayonlari aks etgan fotosuratlar, ijodlaridan namunalar ham namoyishga qoʻyilgan.

    Shu yil 3-iyul kuni koʻrgazmaning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Kelgusida koʻrgazmani noyob eksponatlar bilan yana-da boyitib borish, bu yerda sayyohlar, mahalliy aholi va yoshlar ishtirokida usta kulollar, tarixchi olimlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari oʻtkazish, shu orqali kasb-hunar oʻrganish, ustoz-shogirdlik anʼanalarini keng targʻib etish rejalashtirib olindi.

    Nigora Umarova,

    jurnalist