Parkent tumani “Kumushkon” MFYda yashovchi Baxtiyor Jo'lanovga tegishli xonadonning ro'parasi – Birdamlik ko'chasidagi yo'l chetida ichimlik suvi o'tadigan polietilen quvurlarni er ostiga ko'mish uchun qazilganda, erning ustki sathidan 50 sm pastlikdan o'tov shaklidagi bo'shliq ochilib qolgan. Bo'shliqdan to'qqiz dona sopol idishlar topilgan.
Arxeologlar tomonidan ko'rsatilgan joy tekshirilganda balandligi —1.5 – 1.6 m, diametri 1.8 – 1.9 m, ichki shifti gumbaz shaklida bo'lgan er osti qurilmasi qadimiy qabr qo'rg'oni bo'lgani aniqlandi.
Qabrdan olingan sopol idishlar marhumlarni dafn etish chog'ida qabrning chetlariga qo'yib chiqilgan bo'lgan. Ularning barchasi qo'lda, ya'ni kulolchilik charxi yordamisiz yasalgan. Idishlarning ustiga qizg'ish rangdagi suyuq angob (bo'yoq) surtilgan.
O'rganishlarga ko'ra, qabr va undagi topilmalar II-VI asrlarga tegishli bo'lishi mumkin.