Kecha bir guruh jurnalistlar Yangihayot tumanining Al-Farg'oniy va “Charog'on” mahallalarida bo'ldi. Tashkil etilgan media-tur avvalida jurnalistlar Al-Farg'oniy mahallasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Ma'lumot berilishicha, mazkur mahalla hududida oxirgi bir oy davomida 5 ta ko'p qavatli uyning fasad qismi yangilanib, 2 ta tom joriy ta'mirlandi. Ichki ko'chalarning 983 metr kvadrat qismiga asfalt, 2100 metr kvadrat qismiga beton yotqizildi. Mahalla bolalari uchun 3 ta bolalar maydonchasi va futbol maydonchasi qurilib, 1 ta “Street workout” o'rnatildi. Ayni paytda volleybol va basketbol maydonlari qurilish jarayonida.
Atrofni ko'kalamzorlashtirish ishlariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. 1000 ga yaqin manzarali daraxtlar o'tqazilib, aholi dam olishi uchun 3 ta ayvoncha, 12 ta o'rindiq o'rnatilyapti. Mazkur ishlarni amalga oshirishda shu kunga qadar 300 ga yaqin ishchi, 20 dan ortiq texnika jalb etilgan.
Yana bir ahamiyatli jihati, tuman hokimi tashabbusi bilan hududda “Yoshlar bog'i” sayilgohi ham tashkil etilmoqda. Ayni paytda bog' Al-Farg'oniy, “Charog'on” va “Yangi Turmush” mahallalarida bunyod etilyapti. Yil so'ngiga qadar 10 dan ortiq shunday “Yoshlar bog'i” sayilgohlari ochilib, aholi, xususan, yoshlarning dam olishi va bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlariga xizmat qilishi ko'zlangan.
— Avvallari tashlandiq va qarovsiz joy bo'lgan “Charog'on” mahallasi bugun butkul o'zgacha qiyofa aks etmoqda, — deydi Yangihayot tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Nigina Hakimova. — Ushbu sayilgohdan 2 ta bolalar maydonchasi va 1 ta “Street workout” o'rin olgan. Bog'ga 17 ta yoritgich, 17 ta o'rindiqlar o'rnatildi. Aholining sayr qilishi uchun 1500 metr kvadrat joyga beton yotqizildi. ekilayotgan 1200 ta archalar va manzarali gullar atrofga yanada chiroy bag'ishlamoqda.
Sayilgohda shuningdek, bolalar uchun qo'shimcha atraktsionlar o'rnatish, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlikka jalb etish maqsadida kutubxona qurish ham rejalashtirilgan.
Iroda TOSHMATOVA
“Yangi O'zbekiston” muxbiri