Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Axborot xavfsizligi sohasida raqamlashtirish muammolari va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Diniy-maʼrifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari va axborot xavfsizligini taʼminlashda sunʼiy intellekt texnologiyalarining oʻrni, kibermakonda axborot xavfsizligini taʼminlash muammolari, shuningdek, sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qoʻllanilishiga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar hamda tadqiqotlar natijalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirish konferensiyadan koʻzlangan maqsad boʻldi.
Anjuman “Diniy-maʼrifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari”, “Axborot xavfsizligini taʼminlashda sunʼiy intellekt texnologiyalarining oʻrni”, “Kibermakonda axborot xavfsizligini taʼminlash muammolari” hamda “Sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qoʻllanilishi” kabi yoʻnalishlarga boʻlindi.
Onlayn hamda oflayn formatda tashkil etilgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Irina Jukovskaya, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti Dasturiy taʼminot muhandisligi kafedrasi professori Sirojiddin Joʻrayev, yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalaridagi sohada faoliyat olib boradigan professor-oʻqituvchilar, olimlar, mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda “Axborotning zamonaviy jihatlari oliy taʼlim muassasalari faoliyatida xavfsizlik raqamli kontekstdagi muassasalar iqtisodiy transformatsiya”, “Kibermakonda axborot xavfsizligini taʼminlashda kibergigiyenaning oʻrni”, “Turli xakerlik hujumlardan veb-sayt va veb ilovalarning xavfsizligini taʼminlash”, “Virtual 3D universitet oʻquv jarayoni uchun Koʻkaldosh madrasasini uch oʻlchovli geometrik modellashtirish” hamda “Axborot xavfsizligini taʼminlashda sunʼiy intellekt texnologiyalarining oʻrni” kabi mavzularda maʼruzalar qilindi.
Soʻz olganlar yurtimizda axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtishdi. Jumladan, axborot xavfsizligi sohasida olib borilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2022-yilning 17-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisidagi” qonuni qabul qilindi.
Sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, buning uchun malakali, yosh kadrlarni tayyorlashda qanday jihatlarga ahamiyat qaratish kerakligi haqida soʻz yuritildi. Axborot xavfsizligi toʻgʻrisida oʻzbek tilida ilmiy, ommabop oʻquv adabiyotlar, qoʻllanmalar yetarli emasligi taʼkidlandi.
Konferensiya yakunida koʻtarilgan masalalar boʻyicha umumiy xulosalar qilindi. Bu kabi ilm anjumanlari soha rivoji uchun foydali boʻlishini qayd etishdi.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Matbuot xizmati