Xalqimizning milliy qadriyatlaridan boʻlgan kurash milliy sport turi Oʻzbekiston dovrugʻini butun jahonga tanitishga xizmat qilmoqda. Xususan, mustaqillik yillarida kurashni yana-da rivojlantirish va uning nufuzuni oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Oʻz navbatida Oʻzbekiston Prezidenti va hukumatning qator farmon va qarorlari kurashning jahon arenalarida chiqishida dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori ham mazkur vazifalarni yana-da jadallashtirish uchun navbatdagi muhim qadam boʻldi.

Hujjatda kurashning tobora ommalashib borayotgani nufuzli xalqaro musobaqalarni tashkil qilish, mavjud infratuzilma va moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish, sport inventarlari va kiyimlari taʼminotini yaxshilash, shuningdek, soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga boʻlgan eʼtiborni yana-da kuchaytirish boʻyicha vazifalar tasdiqlandi.

Shuningdek, buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan kurash sportining boy anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, oʻzbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida Prezident qaroriga muvofiq, 2021-yildan har ikki yilda bir marta kurash boʻyicha oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida xalqaro musobaqa oʻtkazilishi belgilandi.

Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirlar, 2020-yildan eʼtiboran har yili bir marta davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari xodimlari oʻrtasida “Oʻzbek polvoni” respublika musobaqasi oʻtkaziladi.

Joylarda 2021–2025-yillarda kurash mahorat maktablari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Malakali murabbiylar va olimpiya rezervlarini tayyorlash maqsadida Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va Oʻzbekiston kurash federatsiyasi muassisligida Xalqaro kurash instituti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktab-internatlari, ixtisoslashlashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarida kurash boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari ikki barobarga oshiriladi. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda boshqa jismoniy madaniyat yoʻnalishlari mavjud oliy taʼlim muassasalarida kurash boʻyicha mutaxassislik ochiladi.

2021/2022 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, maktab-internatlari va sport maktablarida kurash boʻyicha oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari 2 baravarga oshiriladi.

Kurash bilan shugʻulladigan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ishtirokida “Polvonlari koʻp yurt qudratli boʻlur” shiori ostida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida bepul kurash guruhlari tashkil etiladi. Ushbu harakat yoshlarni kurashga jalb etish, sogʻlom turmush tarziga targʻib qilish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Qarordagi eng muhim jihatlardan biri - bu kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi tasdiqlanishidir. Kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasini 2020-2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.

Konsepsiyada, oʻzbek xalqining azaliy orzularidan biri — Xalqaro olimpiya oʻyinlari dasturiga kirishga erishish boʻyicha vazifalar oʻrin olishi tasdiqlandi.

Konsepsiyada 2028-yilda kurashning Xalqaro olimpiya oʻyinlari dasturiga kirishiga erishish koʻzda tutilgan.

Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” maqsad va vazifalarini hayotgna tadbiq etish va moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston kurash federatsiyasi huzurida Kurash milliy sport turini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, Xalqaro kurash assotsiatsiyasining 2022-yilga qadar Xalqaro “GAISF—Global Association of International Sports Federations” tashkilotiga aʼzoligiga kirish vazifalari taʼminlanadi.

Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbarining kurashni rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini oʻz ichiga olgan mazkur qarori oʻzbek milliy sporti brendini yangi choʻqqilarni zabt etishiga zamin hozirlaydi.