Kuvayt Oʻzbekistondan chorva mollari eksportini yoʻlga qoʻymoqchi

    Agrosektor 20 Fevral 2024 1124

    Mamlakatimiz diplomatlari koʻmagida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Bunyod Oxunov va Kuvaytning “AlMawashi” kompaniyasi raisi oʻrinbosari, savdo sektori rahbari Moʻtaz Yasin oʻrtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi.

    Unda Oʻzbekistondan chorva mollarini Kuvaytga eksportini yoʻlga qoʻyish hamda mazkur yoʻnalishdagi loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari yurtimizda agrar sohani, xususan chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, yoʻlga qoʻyilgan loyihalar va rejalashtirilgan dasturlar haqida batafsil aytib oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekiston yetishtirilgan chorva mollari va tayyor goʻsht mahsulotlari eksport salohiyati alohida taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, Moʻtaz Yasin oʻzbek tomonini “AlMawashi” kompaniyasi faoliyati bilan tanishtirdi. Uning aytishicha, kompaniyaning Kuvaytda 20 million kv/m maydonni egallagan ferma xoʻjaligi va 35 ta sotuv doʻkonlari mavjud. Kompaniya yirik va mayda shoxli chorva hayvonlarini asosan Avstraliya va Janubiy Afrikadan sotib oldi.

    Onlayn muzokaralar yakunida oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida 21-24-fevral kunlari Kuvayt kompaniyasi vakillarining Oʻzbekistonga ishchi safarini uyushtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.