баннер
22 Mar 2025
01:33

    Kuvaytda Buxoro amiriga tegishli zeb-ziynatlar topildi

    Oʻzbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi amaliy koʻmagida tashkil etilgan tashrifda delegatsiya aʼzolarini Muzey direktori Ziyad Rajab kutib oldi.

    Kuvayt davlati poytaxti al-Kuvayt shahrida joylashgan Toriq Rajab muzeyi 30 000 dan ortiq qadimiy va zamonaviy buyumlardan iborat shaxsiy kolleksiyani oʻz ichiga oladi. Muzeyga kuvaytlik tadbirkor Toriq Sayyid Rajab tomonidan asos solingan. Muassasa oʻz faoliyatini 1980-yilda boshlagan. Unda koʻp yillar davomida shakllangan shaxsiy kolleksiya jamlangan boʻlib, Toriq Rajab muzeyi nomi bilan mashhur.

    Ziyad Rajab bilan uchrashuvda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga oid videorolik namoyish etildi. U ajdodlari ulugʻ millatning kelajagi ham buyuk boʻlishini taʼkidlab, muhtaram yurtboshimizning islom olami madaniy-maʼrifiy merosini saqlash, kelajak avlodga begʻaraz yetkazish boʻyicha qilayotgan ishlarini yuqori baholadi.

    Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilishi kutilayotgan ekspozitsiyaga 50 ga yaqin jahon kolleksiyalarini jalb qilish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Mazkur voqea jahon muzeyshunosligi tarixida bir mamlakat merosi atrofida oʻnlab muzeylarni birlashtirgan birinchi yirik ekspozitsiya boʻlishi taʼkidlandi.

    Ziyad Rajab Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Toriq Rajab va shu nomdagi islom xattotligi muzeylari haqida gapirdi:

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi menda katta taassurot qoldirdi. Kelajakda siz bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Toriq Rajab muzeyining eksponatlarini yurtingizda namoyish etish tarixiy voqelik. Mazkur muzeyda Oʻzbekiston madaniy merosiga oid qimmatli eksponatlar, shu jumladan, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining XIV asrda koʻchirilgan nusxalari, Buxoro amiri va uning qarindoshlariga tegishli taqinchoqlar, Shayboniylar davriga oid miniatyuralar va koʻplab eksponatlar mavjud.
    Muzey ekspozitsiyasida islom olamining turli davrlari va jugʻrofiyasiga mansub boʻlgan betimsol xattotlik namunalari, yuksak sanʼat darajasidagi kalligrafiya durdonalarini uchratish mumkin.
    Muzeyimizda Buxorodan keltirilgan zargarlik buyumlari, qadimiy liboslar, qurol-yarogʻlar, hunarmandchilik ashyolari, matolar, shisha idishlar ham oʻrin olgan. Mening onam, asosan, zargarlik buyumlarini toʻplagan boʻlsa, otam sopol va metall buyumlarga masʼul boʻlganlar. Ota-onam aynan Oʻzbekiston hududi va tarixiga qiziqqanlari bois muzeyda ushbu manzildan keltirilgan artefaktlar koʻplab topiladi.

    

    Uchrashuv yakunida Katta Langar Qurʼoni faksimile nusxasi, xattot Habibullo Solih tomonidan papirusga tushirilgan Muhammad (s.a.v) muhri aks etgan maktub nusxasi ham muzey direktori Ziyad Rajabga taqdim qilindi.


    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech