Tadbirda qayd etilishicha, yurtimizda 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga energetika sohasini tayyorlash hamda yoqilg'i-energetika resurslarini aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlariga barqaror etkazib berish tizimi joriy etilgan. Ushbu tizim doirasida energetika vazirligining markaziy va hududiy shtablari faoliyat yuritmoqda. Markaziy shtab tomonidan joriy yilning oktyabriga qadar tasdiqlangan reja-jadvallarga asosan har bir hududga chiqqan holda joriy etilgan tizim bo'yicha amalga oshiralayotgan ishlar holati o'rganilib, aniqlangan muammo va kamchiliklar bartaraf etildi.
SHuningdek, kelayotgan kuz-qish mavsumiga energetika ob'ektlarini sifatli tayyorlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirildi. elektr energiyasi ta'minoti bo'yicha joriy yilning oktyabr` oyidan 2021 yil mart oyiga qadar respublikaning jami ehtiyoji 40 mlrd. 816 mln. kVatt soatni tashkil etishi ko'zda tutilgan. elektr energiyani aholiga betalofat etkazish maqsadida elektr uzatish tarmoqlarida 400 dan ortiq transformator, 600 tonna transformator moyi, 100 tonna sim zaxirasi hamda 450 ta avariya-tiklash brigadalari tashkil qilingan.
Iste'molchilarni ko'mir bilan ta'minlash masalasi ham e'tiborda. Bu yo'nalishda umumiy sig'imi 362 ming tonna bo'lgan 91 ta ombor xizmat qilayapti. Ular 84 ta elektron avtotarozi, 126 ta maxsus texnikalar va kunlik ishlab chiqarish quvvati 4,4 ming tonna bo'lgan 86 ta briket uskunalari bilan ta'minlangan. Yil yakuniga qadar respublika iste'molchilariga jami 6 mln. 995 ming tonna ko'mir mahsulotlarini o'z vaqtida etkazib berish rejalashtirilgan.
Joriy yil 1 noyabriga qadar 14 ming 311 ta ijtimoiy soha tashkilotlariga 405 ming tonna hamda 1 dekabriga qadar 2 mln. 700 mingta aholi xonadonlariga 600 ming tonna mahalliy ko'mir etkazib beriladi. Ayni kunga qadar aholi ehtiyojlari uchun 116,1 ming tonna va ijtimoiy soha tashkilotlari uchun 254,3 ming tonna mahalliy ko'mir etkazib berilgan. Bundan tashqari, aholi ehtiyojlari uchun 100 ming tonna import ko'mir joriy yil 1 dekabrga qadar etkazilishi hamda 240 ming tonna import ko'mir ob-havoning o'zgarishi hamda aholi talablaridan kelib chiqqan holda etkazib berilishi rejalashtirilgan.
Tabiiy gaz ta'minoti sohasida joriy yil 1 noyabrga qadar 74 kilometr gaz quvurlari mukammal ta'mirlanishi, 44 kilometr rekonstruktsiya qilinishi, 605 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta'mirlanishi, 80 334 tasi texnik taftishdan o'tkazilishi ko'zda tutilgan. 6 779 kilometr quvurlar bosim ostida sinalishi va tozalanishi hamda 5 289 kilometr er osti quvurlari maxsus priborlar yordamida tekshirilishi belgilangan.
Iste'molchilarni suyultirilgan gaz bilan barqaror ta'minlash bo'yicha ham qo'shimcha choralar belgilangan. Xususan, aholiga 386 ming tonna yoki rejadan 80 ming tonna ko'p suyultirilgan gaz etkazib berish rejalashtirilgan. Buning uchun mavjud qurilmalarda qo'shimcha 8 ming tonna va yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga 72 ming tonna ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, iste'molchilarga suyultirilgan gaz etkazib berish va to'lovlar jarayonini avtomatlashtirilgan tizimi yil ohirigacha joriy etiladi. Buning uchun grafik asosida 3,5 mln. dona ID-kartalar va 4,5 mln. dona bar-kodli maxsus yorliqlar xarid qilinadi.