Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun 1,99 trillion soʻm ajratiladi

    Ijtimoiy hayot 26 Sentabr 2022 2982

    Masʼul idoralarga mavsumga tayyorgarlik jarayoni toʻgʻrisida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida hisobot berib borish vazifasi yuklatilgan.

    Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2022/2023-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 522-con qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan quyidagilar nazarda tutiladi:

    - barcha hududlarda maqbul narxlarda oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish;

    - “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga koʻmir va suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazib berish hamda bolalarni issiq kiyim-kechak bilan taʼminlash;

    - olis va borish qiyin boʻlgan hududlarni hamda tabiiy ofatlar tufayli yoʻllar talofat koʻrishi ehtimoli mavjud qishloq va ovullarga koʻmir va suyultirilgan gazni yetkazib berish hamda 15-20 kunga yetadigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish.

    Shuningdek, hujjat bilan elektr, gaz, suv taʼminoti, issiqlik energiyasi, koʻmir, suyultirilgan gaz va boshqalar bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.

    Ularga koʻra, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlashga 1,99 trillion soʻm ajratiladi, 737 kilometr issiqlik tarmoqlari, 1,8 ming kilometr suv taʼminoti tarmoqlarini profilaktika va taʼmirlash hamda 1,68 million tonna koʻmir zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.

    Masʼul idoralarga mavsumga tayyorgarlik jarayoni toʻgʻrisida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oldida hisobot berib borish vazifasi yuklatilgan.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 23.09.2022-yilda kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.