Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova mavsumiy allergiya sabablari, belgilari va ularning oʻtkir respirator virusli infeksiyalardan farqli jihatlari haqida maʼlumot berdi.

— Yurtimizda sentyabr, oktyabr va baʼzan noyabr oylarida ham nisbatan issiq harorat kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Agar shu davrda yogʻingarchik boʻlmasa, oʻsimlik changchalari oʻz allergik xususiyatini saqlab qoladi. Bu — yuqorida sanalgan alomatlarni keltirib chiqaruvchi birinchi sabab.

Ikkinchidan, salqin kunlar boshlagach, zamburugʻ sporalari yomgʻirdan keyin havoga yuqori konsentratsiyada koʻtariladi. Buning oqibatida zamburugʻga nisbatan allergik holatlarning ogʻir formalari uchraydi.

Zamburugʻ sporalari eng koʻp uchraydigan manba — daraxt va butalardan toʻkilgan yaproqlar. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mogʻorlagan xonalar hamda yertoʻlalarda ham kuzatiladi.

Salqin ob-havo muhiti uy changlarining koʻpayishi uchun ham qulay. Bunday sharoitda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, konyunktivit yoki astma belgilari kuchayadi. Bu, ayniqsa, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda koʻproq kuzatiladi.

Allergiyani qoʻzgʻatuvchi yana bir manba — uy ichidagi chang toʻplovchi jihoz va anjomlar — gilam va toʻshamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebellar va oʻyinchoqlar hamda kitoblardir.

Mavsumiy allergiyaga moyil odamlarning taxminan yarmi it, mushuk singari uy hayvonlari yungidan aziyat chekadi.

Toʻgʻri, kuzgi allergiya belgilari OʻRVI va gripp alomatlari bilan oʻxshash. Ammo ularni quyidagi farqli jihatlar ajratib turadi.

Masalan, shamollash va gripp belgilari virus qoʻzgʻatuvchisi bilan aloqa qilgandan soʻng maʼlum muddat oʻtib paydo boʻladi. Allergiya alomatlari esa darhol yuzaga keladi.

Shamollash va gripp simptomlari odatda 3-14 kundan soʻng yoʻqolsa, allergik reaksiyalar bir necha oygacha davom etishi mumkin. Qolaversa, allergiya chogʻida tana qaqshamaydi, isitma chiqmaydi.

Allergiya belgilari kuzatilgan bemorlar oʻz vaqtida mutaxassisga murojaat qilishlari tavsiya etiladi. Xususan, tibbiyot markazimizda bunday kasalliklarga ilgʻor diagnostika usullari va zamonaviy tibbiy texnologiyalar orqali aniq tashxis qoʻyish hamda samarali davolash yoʻlga qoʻyilgan.