Umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun I chorakning so‘nggi kuni 3 noyabrga to‘g‘ri kelib, 4 noyabr kuni kuzgi ta’tilning ilk kuni sanaladi. Ta’til 6 kalendar kun, ya’ni 9-noyabrgacha davom etadi. II chorak esa 10 noyabrdan boshlanadi.
Kuzgi ta’til davrida o‘quvchilar nimalar bilan shug‘ullanishi mumkin?
O‘quvchilarni turli kasb to‘garaklariga jalb etish, sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida respublikamiz bo‘ylab sayohatlar uyushtirish — bularning barchasini o‘z ichida jamlagan kompleks maskan hisoblangan “Barkamol avlod” bolalar maktablari esa eng yaxshi yechim hisoblanadi.
Hozirgi kunda o‘quvchilarda kasb-hunarga qiziqish uyg‘otish, muayyan ko‘nikma va malaka paydo qilish, ular qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish va kashf etish, bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali o‘tkazishda maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi “Barkamol avlod” maktablarining ham o‘rni beqiyos.
Bugungi kunda joylarda 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu maktablarning asosiy vazifasi o‘quvchilarni maktabdan bo‘sh vaqtlarini 79 turdagi to‘garaklarga jalb qilgan holda mustaqil, kreativ fikrlovchi, o‘zining qat’i pozisiyasiga ega bo‘lgan, kasb-hunarning boshlang‘ich sirlarini egallagan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashishdan iborat. Eng asosiysi ushbu maktablarda bolalar hunarmandchilikdan tortib robototexnikagacha, madaniyatdan tortib sportgacha, oliy ta’limga tayyorlovdan tortib xorijiy tillarni o‘rganishgacha mustahkam bilim va ko‘nikmalarni egallayapdi.
Xususan, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini yanada mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, vatanparvarlik hissini uyg‘otish, ularning maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida joriy yilning mayidan-noyabriga qadar dolzarb 7 oylik davomida tanlovlar ketma-ketligi e’lon qilindi.
Mazkur oylik doirasida 7 oy davomida 7 yo‘nalish bo‘yicha seminar-treninglar, master-klaslar hududiy va respublika festival hamda ko‘rik-tanlovlari tashkil etiladi.
Binobarin, kuzgi ta’til davomida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan “Active sport” respublika musobaqasi hamda “Bolalarga bering dunyoni” respublika onlayn ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.
“Active sport” republika musobaqasi “Stol tennis” va “Shaxmat shashka” sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
“Bolalarga bering dunyoni” respublika onlayn ko‘rik-tanlovi “Tasviriy san’at” yo‘nalishida tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan iqtidorli to‘garak a’zolari uchun Namanganda yangi barpo etilgan sayyohlik ba’zasiga sayohat uyushtirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda, “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 10 472 ta to‘garakka 306 310 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan. Jumladan yo‘nalishlar kesimida:
- Madaniyat va san’at – 1 516 ta to‘garaklarga 42 636 nafar;
- Texnika, konstruktorlik va modellashtirish - 1 211 ta to‘garaklarga 34 202 nafar;
- Jismoniy tarbiya va sport – 887 ta to‘garaklarga 25 049 nafar;
- Hunarmandchilik va qo‘l mehnati – 2 807 ta to‘garaklarga 87 596 nafar;
- Turizm va ekologiya – 1 160 ta to‘garaklarga 35 128 nafar;
- Oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov kurslari – 2 147 ta to‘garaklarga 59 653 nafar;
- Xorijiy tillar – 744 ta to‘garaklarga 22 046 nafar.
Shundan, tarmoq to‘garaklari umumta’lim maktablarida 6 291 ta to‘garakka 185 097 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan bo‘lsa, mahallalarda 318 ta to‘garakka 8 614 nafar o‘quvchilar jalb etilgan.
Imkoniyati cheklangan (nogironligi bo‘lgan) bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus maktab internatlarda 361 ta to‘garak tashkil etilib ularga 9 926 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim muassasalarda 208 ta to‘garakka 5 546 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan bo‘lsa, Mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida 58 ta to‘garakka 1 100 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan.
Hozirda to‘garak a’zolari jahon arenalarida doimiy ravishda yurtimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarib kelishmoqda. Jumladan, 2020-2023 yillar davomida 678 nafar o‘quvchi-yoshlar turli xil xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.