Tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, Koreya Respublikasining qator rasmiy idoralari vakillari, jumladan, “Janubiy Koreya-Oʻzbekiston” biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, Kvanju shahri Kvansan-gu tumani hokimi, “Rotary” xalqaro tashkilotining 3710-okrugi gubernatori, Kvanju universiteti rahbariyati va boshqalar ishtirok etdi.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Kvanju shahrida 4 ming 500 nafardan ziyod oʻzbekistonlik vatandosh turli sohalarda faoliyat olib boradi. Yangi tashkil etilgan “Umid” markazining asosiy vazifasi esa turli sharoitlar sababli qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga yaqindan koʻmak koʻrsatishdan iborat.

Bundan tashqari, markazning yangi taʼmirdan chiqqan 4 xonali turar-joyi vatandoshlarimiz uchun vaqtinchalik boshpana vazifasini ham oʻtaydi.

Markaz Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan zamonaviy texnika vositalari, mebel va kerakli uskunalar bilan jihozlanishi koʻzda tutilgan.