KXDR ochlik arafasida

    mamlakat rahbari fuqarolarni og'ir davrlarga tayyor bo'lishga chaqirdi.

    KXDR ochlik arafasida va shu sababli Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakat fuqarolarini ogʻir davrlarga tayyor boʻlishga chaqirdi. Partiya anjumani vaqtida u mamlakatdagi hozirgi vaziyatni 1990-yillarda kuzatilgan va turli baholarga koʻra, 3 millionga yaqin kishi halok boʻlgan halokatli ochlik davri bilan qiyosladi.

    Mamlakat mushkul vaziyatga tushib qolishining sababi – koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin sharoitida chegaralar yopilgani tufayli Xitoy bilan savdo aloqalari deyarli toʻliq toʻxtab qolgani hamda Pxenyanning yadro dasturi tufayli xalqaro sanksiyalar qoʻllanganidir. Xitoy bilan savdo aylanmasi hajmi 2020-yilda 2019-yildagiga nisbatan 75 foizga pasaygan. Shimoliy Koreya yetakchisi amaldorlarni “Ogʻir safar”ga tayyor turishga chaqirgan. Xitoy bilan chegaradosh hududlarda yashovchi, shu vaqtgacha kontrabanda orqali tirikchilik qilib kelgan odamlar bir yildan buyon chegara butunlay yopiqligi tufayli ochlikdan oʻla boshlagan. Xyuman Rays Votch maʼlumotiga koʻra, Shimoliy Koreya hukumati kontrabanda uchun jazoni qatʼiylashtirgan, bunday jinoyat “aksilsotsialistik” va “dushmanona” harakat deb atalgan.

    BMTning Shimoliy Koreyada inson huquqlariga rioya qilinishi holati boʻyicha maxsus dokladchisi Tomas Odjea Kintana oʻtgan oyda ocharchilikka olib kelishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat inqirozi yuzaga kelgani toʻgʻrisida ogohlantirgandi. Ayni vaqtda Shimoliy Koreya Xitoy bilan chegarada nazoratni yengillashtirishi mumkinligining koʻplab belgilari kuzatilmoqda. Biroq baʼzi ekspertlarning fikricha, chegaralar ochilgandan keyin Shimoliy Koreyada koronavirusga chalinganlar koʻpayib ketsa, bu mamlakat sogʻliqni saqlash tizimida jiddiy inqirozga olib kelishi mumkin.