Muallifning “Sozim” sheʼridagi muqaddima nafaqat lirik iqror, balki ijodkorning butun bir hayotiy manifestidek yangraydi:
Men shoirman,
Istangiz shu,
Oʻzimniki erur shu sozim,
Birovlardan olmadim tuygʻu...
Bu misralarda zamon va muhit bosimidan baland turuvchi, oʻzligini anglagan shaxs ovozi ustuvorlik qiladi. “Birovlardan olmaslik” maʼnaviy qaramlikdan xalos boʻlish, tuygʻular sofligini va aslligini saqlab qolishdir. Ijodkor oʻz ruhiy hududini shu qadar qatʼiyat bilan himoya qiladiki, hatto “mijgʻov va pastkash, gʻiybat gaplar” uning ijod osmonini bulgʻay olmaydi. Bunday magʻrurlik kibr emas, balki soʻz masʼuliyati oldidagi sodiqlikdir.
Abdulla Oripov ijodida jamiyat tahlili shunchaki bugungi kunning ijtimoiy manzaralari bilan cheklanib qolmay, balki insoniyatning ibtidoiy ildizlarigacha boʻylaydi. Shoirning “Yuzma-yuz” dostoni tarix falsafasini anglashda muhim maʼnaviy kalit vazifasini oʻtaydi. Muallif inson evolyutsiyasini “mamontlar toʻdasi” chiqqan ibtidoiy davridan boshlaydi. Biroq asarning magʻzi mamontning yengilishi yoki jismoniy jang tasvirida emas, balki inson ongida sodir boʻlgan “ilk maʼnaviy xiyonat” nuqtasidadir:
Oʻsha kun buzildi azaliy udum,
Uni inson oʻzi buzib tashladi.
Kunduzgi oshkora oʻgʻrilarday u
Oʻljasin uy-uyga torta boshladi.
Bu satrlarda nafsning jamoaviy imon va tartib ustidan hukmronligi dunyodagi barcha kulfatlarning debochasi sifatida talqin qilinadi. Shaxsiy manfaatning umuminsoniy qadriyatlardan ustun qoʻyilishi tarixni “zulmat” va “qon” bilan bulgʻadi. Shoirning fikricha, insoniyatni bogʻlagan maʼnaviy inqiroz aynan oʻlja talashish boshlangan lahzada tugʻilgan. Bu insoniyatning oʻz asl tabiatidan va haqiqat yoʻlidan adashishi haqidagi achchiq xulosadir.
Tarixning qonli sahifalarini varaqlar ekan, ijodkor Spartakning haq talashishidan tortib, Sezarning nayzasiyu Chingizxonning choʻqmorigacha boʻlgan fojialarni bir falsafiy zanjirga tizadi. Dunyoning “adashib ketgani” haqidagi fikr shoirning yoshlikdagi gʻoʻrligi emas, balki olamning ziddiyatli qonuniyatlarini teran anglashidir. Bu tarixiy silsila ichida shaxs va muhit munosabati yangicha maʼno kasb etib, yaxshilik donini ekkanlarning “yomon” deb nom olishi jamiyatning azaliy hamda ogʻriqli paradoksi sifatida ochib beriladi.
Shoir dunyodagi haqsizlikning mangulikka daʼvo qilishiga qarshi isyon koʻtaradi. Uning nazarida, najot ruhiy tiklanishda, yaʼni “yoshlik sofligi” deb atalgan oʻsha maʼsum manzilga qaytishdadir. Faqat istiqbol deb atalgan ezgu niyatgina insonga uning asl sofligini qaytarib bera oladi.
Abdulla Oripov tarixni faqat oʻtmish emas, balki bugungi kunning maʼnaviy koʻzgusi va kelajakning poydevori sifatida tadqiq etadi. Bu bosqichda shoir insonni oʻz ichki dunyosini taftish qilishga, yaʼni “toʻda” boʻlib oʻlja talashmaydigan, nafs qulligidan ozod, sof va imonli holatga qaytishga chorlaydi. Tarixning iztirobli saboqlari orqali u insonni oʻzligini anglashga va ruhiy poklanishga daʼvat etadi.
Uning ijodida shaxsning jamiyatdagi oʻrni shunchaki ijtimoiy maqom boʻlmay, balki vijdon va masʼuliyat mezoni bilan belgilanadi. Shoirning falsafiy tafakkurida “olomon” va “xalq” tushunchalari bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilgan ikki qutb sifatida gavdalanadi. Muallifning “Olomonga” sheʼridagi oʻtkir va iztirobli savollar jamiyatning maʼnaviy mudroqligiga berilgan badiiy zarbadir:
Mashrab osilganda qayoqda eding?
Choʻlpon otilganda qayoqda eding?
Surishtirganmiding Qodiriyni yo
Qalqon boʻlganmiding kelganda balo?
Bu misralarda shoir olomonning eng qoʻrqinchli qiyofasi — loqaydligi va tomoshabinligini fosh etadi. Olomon uchun tarixdagi buyuk fojialar, millat fidoyilarining qurbon boʻlishi shunchaki bir “tomosha”. Uning “nomidan hukmlar oʻqilishi” esa masʼuliyatsizlikning oliy koʻrinishidir. Shoir olomonni xalq boʻlishga, yaʼni oʻzligini anglagan, tarix va kelajak oldida javobgarlikni his etadigan yaxlit maʼnaviy kuchga aylanishga daʼvat etadi.
Shaxsning toʻda ichida yoʻqolib qolish xavfi “Toʻda” sheʼrida yanada teranroq tahlil qilinadi. Toʻda — shaxsiyatsizlik va irodasizlik makoni. Unda har qanday buyuklik, har qanday alohidalik “toʻdaning feʼli” oldida zavol topishi mumkin. Shoirning “Toʻdani koʻrganda qoʻrqib ketaman”, degan iqrori zamirida ming yillardan buyon saqlanib kelayotgan ibtidoiy shafqatsizlikdan xavotir yotadi:
Agarda qoʻzisa toʻdaning feʼli,
Unga teng kelolmas soylarning seli.
Xos unga yovuzlik, shafqatsizliklar,
Qorni toʻq boʻlsa-da, toqatsizliklar.
Bu yerda “toqatsizlik” oʻzgacha fikrni, yuksak isteʼdodni va mustaqil irodani qabul qilolmaslikdir. Abdulla Oripov nazdida xalq boʻlish toʻda psixologiyasidan xalos boʻlish, vijdon amri bilan yashash demakdir. Shoir “Yuzma-yuz” sheʼrida taʼkidlaganidek, “inson inson uchun toʻka olsa yosh” va “bir safda tursa odamlar”, ana shundagina olomon xalqqa aylanadi.
Muallif jamiyatning har bir aʼzosini oʻz ichki olamiga boqishga, soxta “ura-uralar”dan voz kechib, “insof va vijdon” chegarasini tan olishga undaydi. U vijdon uygʻonishini toʻdaning hissiz oqimidan ajralib chiqib haqiqatning tik nigohiga dosh bera olishda deb biladi. Shoirning butun ijodi mana shu maʼnaviy yuksalishga — shaxsni olomon zulmatidan xalqning nurli ufqlariga olib chiqishga xizmat qiladi.
Faylasuf shoir ijodida inson shunchaki jismoniy mavjudot emas, balki asrlar davomida shakllangan maʼnaviy merosning, qon va ruh irsiyatining davomchisi sifatida talqin qilinadi. Shoirning falsafiy mushohadalarida genetika tushunchasi biologik qonuniyatlardan yuksalib, milliy oʻzlikni anglashning tarixiy zanjiriga aylanadi. Uning “Genetika” sheʼri bu borada inson ruhiyatining teran qatlamlarini ochib beruvchi eng salmoqli asarlardan biridir:
Bilmadim, qonimda qay ajdod yashar,
Balki bobo Kayfiy, balki Ulugʻbek...
...Tunlar qulogʻimga chalinar elas,
Tulporlar kishnashi, otlar gurrosi.
Muallif inson tanasida oqib turgan qonni ming yillik tarixning ovozi deb biladi. Bu yerda “bilmayman” deyish orqali ijodkor inson tabiatining naqadar murakkabligiga va uning botinida mudrab yotgan ulkan kuchlarga ishora qiladi. Qonda faqat tashqi qiyofa — “qosh-koʻz” emas, balki ajdodlarning feʼl-atvori, orzu-armonlari va shiddati ham meros boʻlib oʻtadi. Ulugʻbekning zakiy nigohi yoki Muqannaning tinim bilmas isyonkor ruhi avlodlarning ichki olamida qayta uygʻonishi milliy irsiyatning boqiyligidir.
Shoirning talqinida bu meros faqat zafarlardan iborat emas. Unda “darbadar bir oshiq”, “sarbador” va hatto “shahanshoh”ning ham asoratlari bor. Inson oʻz vujudida ham hukmdorlikka intilish, ham darveshlikka moyillik kabi ziddiyatli kuchlarni tashib yuradi. Bu millat xarakterining murakkab falsafasidir. “Oʻzbekiston” qasidasida mazkur gʻoya yanada kengroq miqyosda, vatan taqdiri bilan uygʻunlikda davom ettiriladi. Tarixning shiddatli sinovlari, Jaloliddinning Amudaryodan sakrashiyu Sobir Rahimovning zafarli qadami — bari-bari bugungi avlodning qonida yashiringan “genetik quvvat” sifatida tasvirlanadi.
Abdulla Oripov uchun irsiyat zanjirini anglashning bosh belgisi kelajak oldidagi masʼuliyatni his qilish demakdir. Biz faqat oʻtmishning merosxoʻrlari emas, balki kelajakda tugʻilajak “eng oliy inson, mukammal zot”ning zamini hamdirmiz:
Rishtayi jonida bir zarra boʻlib,
Bizning ham qonimiz gupurgay, rost bu…
...Labda tabassumu koʻzda yosh bilan
Senga talpinaman, buyuk nabiram…
Shoirning ushbu xulosasi insoniyatning maʼnaviy uzviyligi haqidagi buyuk haqiqatdir. Inson oʻz ajdodlarining “turfa xislatini” qonida tashib yurar ekan, u hech qachon ildizsiz boʻla olmaydi. Bu qon bizni “shu qadim dunyo”ga va “qon bilan, ter bilan qotgan shu tuproq”qa bogʻlab turuvchi eng mustahkam ilohiy rishtadir. Genetik xotiraning uygʻonishi esa shaxsni olomonlikdan xalq darajasiga koʻtaruvchi eng oliy maʼnaviy jarayondir.
Shoir sheʼriyatining maʼnaviy quvvati shundaki, u jamiyatning zohiriy farovonligi ortiga yashiringan axloqiy inqirozlarni oʻtkir nigoh bilan payqaydi va ularga aniq badiiy tashxis qoʻyadi. Uning hajviy va falsafiy mushohadalarida insonning asl qiyofasi va u taqib yurgan ijtimoiy niqoblar oʻrtasidagi ziddiyat ayovsiz fosh etiladi. “Taklifnoma” sheʼri bu borada ijtimoiy munofiqlikning eng oddiy, ammo eng ogʻriqli manzarasini chizib beradi:
Soʻkar dunyo degan bir gʻamxonani,
Kiborlarni soʻkar gʻazabga toʻlib.
Va lekin toʻy qilsa, “Taklifnoma”ni
Oʻshalarga eltar birinchi boʻlib.
Gap shunchaki toʻy haqida emas, balki insonning oʻz soʻzi va amali oʻrtasidagi jarlik haqida bormoqda. Tilida laʼnatlagan kuchlariga amalda talpinish shaxsning maʼnaviy ikkiga boʻlinishidir. Shoir bunday holatni jamiyatning ruhiy xastaligi deb biladi. Ikkiyuzlamachilik Abdulla Oripov talqinida insonning oʻzligidan kechishi va manfaat zanjiriga bogʻlanishidir.
Muallifning ijtimoiy tashxisi “Martaba” sheʼrida yanada dahshatliroq tus oladi. Unda ikki kishining oʻz ajdodlari qanday qatl etilgani bilan maqtanishi (birini “bosh jallod soʻygani”, ikkinchisini “ipak arqonda osishgani”) jamiyatdagi qadriyatlar tizimi naqadar ostin-ustun boʻlib ketganini koʻrsatadi. Insonlar oʻz qadr-qimmatini emas, balki kimningdir qoʻlida qurbon boʻlish usulini martaba deb bilishi ruhiy qullikning eng yuqori nuqtasidir. Shoir bu orqali mutelik va soxta gʻurur qon-qonimizga singib ketganini achchiq zaharxanda bilan bayon etadi.
Jamiyatdagi maʼnaviy tubanlikning yana bir koʻrinishi “Ikki xushomadgoʻy” va “Loʻttiboz” sheʼrlarida davom ettiriladi. Shoir “vijdonli odamlar ortgani sayin, loʻttiboz soni ham koʻpayib borar”, deya taʼkidlar ekan, axloqsizlikning tashkiliy shakllaridan ogohlantiradi. Xushomadgoʻylik shaxsning ichki niqobi boʻlib, u “tovonidan tortib tizzasigacha yalash” orqali oʻzligini toptaydi.
Shoirning hassos tafakkuri millatning kelajagiga boʻlgan cheksiz ishonch bilan sugʻorilgan. U “Alisher” sheʼrida taʼkidlaganidek, besh yuz yil buyuk siymolar uchun shunchaki bir lahza. Abdulla Oripov oʻz ijodi orqali milliy genetikani uygʻotishga, olomonni xalq darajasiga koʻtarishga harakat qildi. Uning sheʼriyati millatning ruhiy pasportidir. Abdulla Oripov qoldirgan maʼnaviy meros “sarob”lar ichida haqiqatni topish, “toʻda”lar ichida shaxs boʻlib qolish va har qanday sinovda imon madadiga suyanish darsligidir. Uning rang-barang va sof sheʼriyati asrlar osha “buyuk nabiralar” qonida gupurib, millatning ruhiy zafaridan dalolat berib turaveradi. Zero, shoir aytganidek, vujud oʻtar, bahorlar oʻtar, ammo maʼnaviy mustahkamlik va hur fikr dunyoda mangu qolajak.
Munisjon HAKIMOV,
OʻzFA Alisher Navoiy nomidagi
Davlat adabiyot muzeyi boʻlim mudiri,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori