Toshkent shahri CHilonzor tumanida yashovchi YU.Semyanova O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ishonch telefoni orqali murojaat qildi, deya xabar bermoqda federatsiya axborot xizmati.

Fuqaroning aytishicha, u YUnusobod tumani Amir Temur ko'chasi, 110-uyda joylashgan “Samsung” servis markaziga telefonini ta'mirlash uchun qoldirib, oldindan 2 million 993 ming so'm to'lagan. Biroq oradan ancha vaqt o'tganiga qaramay, hanuz telefon apparati ta'mirlab berilmagan. Sababi so'ralganda, xizmat ko'rsatuvchi turli bahonalarni ro'kach qilgan. Murojaat o'rganilishi natijasida iste'molchiga to'lagan mablag'i qaytarib olib berildi.
YAna bir murojaat Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumanida yashovchi A.A. tomonidan kelgan. Murojaatda bayon etilishicha, iste'molchi 2019 yil iyun` oyida ta'minotchi bilan issiqxona qurdirish uchun shartnoma tuzgan. Tadbirkor kelishilganidek issiqxonani qurib bergan, biroq uning ustki qismini plyonka bilan yopib bermagan. Fuqaroning qayta-qayta murojaatiga qaramay, turli bahonalar bilan ishni paysalga solgan.
Mazkur murojaat federatsiyaning Namangan viloyati To'raqo'rg'on tumani jamiyati tomonidan o'rganildi. Natijada ish shu yilning 2 mart kuni Fuqarolik ishlari bo'yicha CHust tumanlararo sudida ko'rib chiqildi hamda tadbirkordan iste'molchi foydasiga 5 million 480 ming so'm undirish bo'yicha sud hukmi o'qildi.