Qishloqdagi 58-umumtaʼlim maktabi va “Langar” mahallasi binosida aholi va yoshlarga davlat xizmatini onlayn ravishda olishi uchun mobil qurilma orqali id.egov.uz va my.gov.uz resurslarida roʻyxatdan oʻtkazish kifoya. Bu imkoniyat davlat xizmatlari markazi xodimlari uchun ayni muddao boʻldi. Ham sayyor xizmat koʻrsatildi, ham aholi mustaqil oʻzi onlayn davlat xizmati olishni oʻrgandi.
Langar qishlogʻi Xatirchi tumani markazidan 70 kilometr uzoqda joylashgan, viloyat markazidan esa — 150 kilometr. Bu yerda 3 mingga yaqin fuqaro 622 ta xonadon istiqomat qiladi. Xalqning turmushi chorvachilik va dehqonlik bilan oʻtadi. Aslida turizm uchun ayni muddao boʻlgan hududda afsuski, hali bu yoʻnalish uncha rivojlanmagan. Mahalliy aholi haftada bir kun Damas avtoulovi yoki mobil avtobus kelishini kutadi. Shu boisdan boshqarma mutasaddilar sayyor qabulni aynan shu hududda oʻtkazdilar.
Tashkil etgan sayyor qabulda 40 dan ortiq fuqaro murojaatlari, jumladan, yer joy, mol-mulk, bandlik va ijtimoiy himoyaga muhtojlik masalalariga oid qator muammolar tinglandi. Tibbiy yordam, boquvchisini yoʻqotgan oilaga uy-joy, tadbirkorlik qilish uchun kredit ajratish masalalari yuzasidan olingan murojaatlar esa tegishli davlat idoralariga yoʻnaltiriladigan boʻldi.
Langar mahallasi binosi oldida fuqarolar mobil avtobus xizmatidan foydalandilar. Kim solikdan qarzdorlik, kim sudlanmaganlik toʻgʻrisidagi, yana birovi manzil maʼlumotnoma oldi. Bolalarni maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatga qoʻygan kim boʻldi, elektr energiyasi hisoblagichini oʻrnatish uchun murojaat tashlagan fuqaroning muammosi yechildi. Aholini aksariyat qatlamida uy-joyiga kadastr pasporti shakllanmaganligi aniqlanib, arizalar olindi. Mobil avtobus orqali jami 52 ta davlat xizmati koʻrsatildi.
Sayyor qabul jarayonida davlat xizmatchilari hududdagi 58-maktab bitiruvchilariga onlayn xizmat olish uchun dars ham oʻtdilar. Oldindan olingan soʻrovnomaga koʻra, aholi qoʻlidagi mobil qurilmadan davlat xizmatini olish imkoniyati borligini bildirgan edi. Shu boisdan xizmatchilar ham langarlik yoshlarga aynan qoʻl telefonidan qanday xizmat olish imkoniyatini birma-bir oʻrgatdilar.
Yana mahalla odamlariga ham xudi shunday oʻquv jarayoni oʻtkazildi. “DXM-mahalla-fuqaro” tamoyili asosida oʻtkazilgan tadbir aholi uchun foydali boʻldi. Aslida hududlarda togʻ oralab mobil avtobusning uyma-uy fuqarolarning davlat xizmatiga boʻlgan ehtiyojini oʻrganishi, aholiga onlayn xizmat olishni oʻqitishdan yagona maqsad ham odamlar rozi-rizoligiga erishishdir.
Dilfuza Gulyamova,
Navoiy viloyati.









