Uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, investitsiyalar, savdo, transport va logistika, shuningdek, boshqa ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Tomonlar qishloq xoʻjaligi investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish va ikki tomonlama savdo hajmini oshirishning ustuvor yoʻnalishi boʻlishi mumkinligi haqida yakdil fikr bildirdilar.
Shuningdek, Latviyada Oʻzbekistonning 50 ta eksport qiluvchi kompaniyalari vakillari ishtirokida “Made in Uzbekistan” savdo missiyasini tashkil etish istiqbollarini muhokama etildi. Missiyaning faoliyati davomida Oʻzbekistonning oziq-ovqat, kimyo, toʻqimachilik, charm, vino, farmatsevtika va turizm sohalaridagi ishlab chiqarish va eksport salohiyati namoyish etiladi. Bundan tashqari, oʻzbek tadbirkorlari Boltiqboʻyi mamlakatlari ishbilarmon doiralari vakillari bilan B2B muzokaralarida, “Riga Food 2022” xalqaro oziq-ovqat koʻrgazmasida va Rigadagi Oʻzbekiston-Latviya biznes forumida ishtirok etadi.
Tomonlar oʻzaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlarning yangi istiqbolli yoʻnalishlariga ham eʼtibor qaratdilar. Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari va oliy taʼlimni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi. Yaqin kelajakdagi hamkorlik rejalari, shuningdek, ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va idoralari oʻrtasida organik oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va sertifikatlash, parranda goʻshti va baliqni qayta ishlash boʻyicha tajriba almashishni oʻz ichiga oladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.