Uchrashuvda tomonlar avtomobil va temir yoʻl tashuvlarida mavjud imkoniyatlardan, xususan, Riga porti salohiyatidan samarali foydalanish, port xizmatlaridan foydalanishda oʻzaro kelishgan holda chegirmalar taqdim etish, yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar oʻrtasida ruxsatnoma blankalarini elektron (E-permit) ayirboshlash tizimini yoʻlga qoʻyish va tashuv hujjatlarini elektron E-CMR shaklga oʻtkazish, shuningdek, Toshkent–Riga yoʻnalishidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, Oʻzbekiston aeroportlari orqali pochta yuk tashuvlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuvda Talis Linkayts Oʻzbekistonni transport sohasida strategik sherik deb bilishini, transport va logistika yoʻnalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Ushbu yoʻnalishda Latviya mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini maʼlum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.