Joriy yilning 10-sentyabr kuni Latviya poytaxti Rigada Latviyaning “Outdoor Media” kompaniyasi tomonidan asos solingan “O'zbekiston savdo uyi”ning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Bu haqida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Onlayn formatda o'tkazilgan tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov, O'zbekiston Respublikasining Latviyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Q.Sultonov, Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligi boshlig'i K.Royalns hamda Latviyadagi O'zbekiston savdo uyi asoschisi V.Galperin va boshqalar ishtirok etdi.
Savdo uyida ko'rgazma zalini yaratish nazarda tutilgan bo'lib, bu erda o'zbek ishlab chiqaruvchilarining tovarlari namunalari, asosan, to'qimachilik, poyabzal, chinni, mebel, tibbiy buyumlar, qandolat mahsulotlari, elektrotexnika mahsulotlari, qurilish materiallari namoyish etiladi.
Savdo uyining umumiy maydoni 140 kvadrat metr bo'lib, u 2021-yil 6-avgustda Latviya investitsiyalar va taraqqiyot agentligi tomonidan ro'yxatga olingan.
Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov tabrik so'zida Latviya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida O'zbekistonning muhim sheriklaridan biri ekani va O'zbekiston hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikning ko'p qirrali rivojlanishini doimo qo'llab-quvvatlab kelishini ta'kidladi.
Ta'kidlash joiz, 2020-yil oxiriga kelib Latviya O'zbekistonning o'zaro savdosi faol rivojlanayotgan asosiy 15 ta mamlakatlari qatoriga kirdi (2020-yilda Latviya bilan tashqi savdo aylanmasi 367,7 million dollarni, eksport 35,5 million dollarni va import 332 million dollarni tashkil etgan).
Shu bilan birga, 2021-yil yanvar-iyun oylari natijalariga ko'ra, mamlakatlarimiz o'rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 107,6 million dollarni, eksport 31,4 million dollarni va import 76,1 million dollarni tashkil etdi.
Shu jihatdan, tashkil etilgan Savdo uyi o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini Latviya bozoriga chiqarishga ko'maklashish, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasida ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirishga yo'naltirilgan.