Mahsulotlar Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi mashhur xalq amaliy sanʼati ustalari tomonidan tayyorlangan.
Elchixona maʼlumotiga koʻra, “Armas” kompaniyasi Latviya bozorida 1994-yildan buyon ishlab kelmoqda. Bu toʻgʻridan-toʻgʻri ishlab chiqaruvchilar uchun qurilish, bogʻlar va uy-roʻzgʻor buyumlarini sotishga ixtisoslashgan kompaniyadir. Kompaniya Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarga oʻz mahsulotlarini sotadi. “Armas” oʻzining onlayn platformasi orqali mahsulotlarni sotishda katta tajribaga ega. Uning Riga shahrida omborlari, shuningdek, tashrif buyuruvchi va xaridorlarga mahsulot namunalarni namoyish qilish uchun maxsus koʻrgazma zali mavjud.
“Armas” rahbari Artur Martinkevichs bilan Oʻzbekistondan milliy hunarmandchilik mahsulotlarini muntazam ravishda olib kirish, ular hajmi va turlarini koʻpaytirish, shu jumladan kompaniyaning onlayn platformasidan faol foydalanish va kelajakda oʻzbek mahsulotlarini nafaqat Latviyada, balki boshqa Yevropa mamlakatlarida ham sotish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Latviya kompaniyasi rahbari koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan dunyoda vaziyatning ogʻirlashishiga qaramay, oʻzbek mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berishini va Oʻzbekistonning yangi savdo bozorlarini rivojlantirishga boʻlgan intilishini yuqori baholadi. Pandemiya sharoitida tashqi savdo va ichki eksportning izchil oʻsishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgarishlar ham qayd etildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq amaliy sanʼatini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash orqali xalqimiz tarixiy anʼanalari va boy madaniy merosini toʻliq saqlab qolishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. 2019-yil 28-noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Hunarmandchilikni yana-da rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Ushbu muhim hujjatda mamlakatda hunarmandchilikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish bilan birga, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari oldiga hunarmandlar mahsulotlarini chet elda namoyish etish va sotishda har tomonlama amaliy yordam koʻrsatish vazifalari qoʻyildi.