Latviyaning nufuzli jurnalida “Uzbekistan GTL” zavodining ochilishi haqida maqola eʼlon qilindi

    OAV O‘zbеkiston haqida 29 Dekabr 2021 3210

    Latviyaning “Freecity” jurnalida Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida yangi “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirilgani haqida maqola chop etildi.

    Maqolada Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha gigant korxona — “Uzbekistan GTL” majmuasining ochilish marosimi ishtirok etgani maʼlum qilingan.

    Nashrning xabar berishicha, loyihaning qiymati 3,42 milliard dollarga teng. Bu yerda neft mahsulotlari va uglevodorod xom ashyosidan 1 milliard dollardan ortiq import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi maʼlum qilingan.

    “Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda – Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan, xolos, — deyiladi nashrda. — Zavodda Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonada tayyorlangan 10 mingdan ziyod uskunalar oʻrnatilgan. Texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qoʻllash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patent olingan. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob”.

    Jurnal zavod yiliga 3,6 milliard kubometr tabiiy gazni qayta ishlab, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlash quvvatiga ega ekaniga eʼtibor qaratgan. Yana shunday texnologik imkoniyat borki, majmua beshta rejimda ishlay oladi. Qaysi mahsulotga koʻproq buyurtma boʻlsa, shunga moslashib, oʻsha tovar hajmi oshiriladi.

    Maqolada davlatimiz rahbari zavodning boshqaruv markazida boʻlib, u yerda ishlab chiqarish, monitoring va xavfsizlikni taʼminlovchi butun tizim boshqarib borilishini koʻzdan kechirgani haqida bayon etilgan.

    Nashr oʻz oʻquvchilari eʼtiboriga Toshkent, Navoiy, Fargʻona, Buxoro viloyatlari va Ustyurtda yana 5 ta kimyo texnologik klasteri tashkil etilayotgani haqidagi maʼlumotni ham havola qilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Prezident zavod atrofida ishlab chiqarishni satellit asosida rivojlantirish, ishchilar uchun uy-joylar, sport va madaniyat maskanlari qurish boʻyicha koʻrsatmalar berdi”, — deyiladi manbada.

    “Freecity” jurnalida eʼlon qilingan maqola intihosida “Uzbekistan GTL” zavodining qurilish loyihalari va Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish yangi Oʻzbekistonning yangi sanoat davrini shakllantirishda muhim bosqich hisoblanadi”, deb taʼkidlangan.