"Asosan dorilar allergiyasi oqibatida kelib chiqadigan Layella sindromida badandagi pufaklar yorilgach, suyuqlik tarkibidagi erigan tuz va oqsillar bug‘lanadi. Oqibatda tana suvsizlanib, qon quyuqlashadi, – deydi I.Razikova. – Natijada qon aylanishi buzilib, yurak, o‘pka va buyraklar faoliyati yomonlashadi. Gipertenziya, taxikardiya, yurak va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Peshob hosil bo‘lishi va zaharli moddalarning organizmdan chiqarilishi to‘xtaydi.
Bundan tashqari, terining toshmalardan jarohatlangan joylariga virus va bakteriyalar oson o‘rnashib, boshqa xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ko‘zlarning zararlanishi hisobiga ko‘rlik yuzaga kelishi mumkin. Xastalik ko‘proq bolalar va keksalar umriga zomin bo‘ladi.
Layella sindromiga aniq tashxis qo‘yish uchun vizual tekshiruv, qon va allergenlar tahlili, teri biopsiyasi va gistologik ko‘riklar talab etiladi.
Xastalik aniqlangan bemorlarni zudlik bilan intensiv terapiya bo‘limiga yotqizish zarur. Biroq muolaja uchun dori-darmonlar buyurishda ehtiyot bo‘lish kerak. Avvalo, patologik jarayonlarga sabab bo‘lgan preparatni aniqlash lozim.
Ayni paytda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikka aniq tashxis qo‘yish barobarida, uni samarali davolash usullari yo‘lga qo‘yilgan".