“Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida

    Hujjatlar 29 Sentabr 2020 4701

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Mamlakatimizning boy raqs sanʼati tarixida alohida oʻrin egallagan “Xorazm lazgi raqsi” oʻziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir. YUNESKO tomonidan “Xorazm lazgi raqsi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganligi ham uning betakror sanʼat ekanligidan dalolat beradi.

    “Xorazm lazgi raqsi” sanʼatining asriy anʼanalarini saqlash va rivojlantirish, raqs sanʼati orqali xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik koʻlamini va madaniy aloqalarni yana-da kengaytirish maqsadida:

    1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligining 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivalini (keyingi oʻrinlarda – Festival) hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

    2. Quyidagilar:

    “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi1-ilovaga muvofiq;

    “Lazgi” xalqaro raqs festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    3. Xorazm viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi Festivalni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha masʼul organlar etib belgilansin.

    4. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligi:

    2021-yil 1-dekabrga qadar tajribali rejissyor, taniqli sanʼatkor, prodyuser, kompozitor, shoir va sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy va badiiy dasturlarini tayyorlasin;

    Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-fevralga qadar Festival va uning doirasida oʻtkaziladigan “Oʻzbek milliy raqsining jahon raqs sanʼatidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada (keyingi oʻrinlarda – ilmiy-amaliy konferensiya) xorijiy mamlakatlardan ishtirok etadigan raqs sanʼati ustalari, musiqashunos va sanʼatshunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar roʻyxatini shakllantirsin.

    5. Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Xorazm viloyati hokimligi Festivalni YUNESKO shafeligi ostida oʻtkazish choralarini koʻrsin.

    6. Madaniyat vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

    Festival doirasida Xiva shahridagi “Ichan-qalʼa” majmuasi hududida raqs sanʼatiga oid koʻrgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda ularning savdosi tashkil etilishini;

    Festival dasturini ishlab chiqish va uning Festivaldan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishi, Internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini taʼminlasin.

    7. Belgilansinki, Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda qoplanadi:

    70 foizi – Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yilgi ajratiladigan mablagʻlar hisobiga;

    30 foizi – Xorazm viloyatining mahalliy byudjeti, homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga.

    8. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

    Bosh vazir oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi B.Musayev – Festival va uning doirasida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani yuqori badiiy va ilmiy saviyada tashkil etilishini taʼminlasin;

    Bosh vazirning oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.Abduhakimov – Festivalni turizm kalendar rejasiga kiritish, unga xorijiy sayyohlarni jalb qilish hamda Festival qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joylarni oldindan band qilish choralarini koʻrsin;

    madaniyat vaziri O.Nazarbekov – musiqashunos va sanʼatshunos olimlar, taniqli sanʼatkorlarni jalb qilgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy hamda badiiy dasturlarini yuqori saviyada ishlab chiqsin;

    Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov – Xiva shahrida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Festival oʻtkaziladigan sahna maydonlari va zallarning talab darajasida tayyorlanishini hamda “Ichan-qalʼa” majmuasi hududida raqs sanʼatiga oid koʻrgazmalar tashkil etilishini taʼminlasin;

    Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi – Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borsin.

    9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,
    2020-yil 28-sentyabr