Tashrif dasturiga muvofiq dastlab Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 14-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur yigʻilishda ikki mamlakat delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov rahbarlik qildilar.
Yigʻilishni ochar ekan, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari ishtirokchilarni samimiy qutlab, ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi doʻstona va ishonchga asoslangan munosabat tufayli izchil mustahkamlanib borayotgan Oʻzbekiston-Ozarbayjon aloqalarini yuksak darajada ekanini taʼkidladi.
Tadbir davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi, transport, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatidagi qoʻshma loyihalar kabi strategik sheriklikni tashkil etuvchi asosiy yoʻnalishlar muhokama etildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Turkiy davlatlar savdo va investitsiya hamkorligi koʻrgazmasi va forumidagi ishtiroki alohida qayd etildi. Tadbirda “Made in Uzbekistan” stendida 50 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari namoyish etildi. Joriy yil boshidan buyon Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 40 foizga oshgani qayd etildi.
Shuningdek, turar joy va turizm obyektlari qurilishi, logistika markazi, paxta va sut klasterlari tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. 360 million dollardan ortiq qiymatdagi 15 ta loyihani moliyalashtirishda ishtirok etayotgan Ozarbayjon-Oʻzbekiston investitsiya kompaniyasining faoliyati yuqori baholandi.
Qoʻshma komissiyaning yigʻilishida bir qator tashabbuslar kelishib olindi. Ular qatorida oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi, 2025–2026-yillar uchun Sanoat kooperatsiyasi dasturi, ikki yillik savdo missiyalari jadvali, Toshkent va Boku shaharlarida savdo uylari va shou-rumlar ochilishi, ikki davlat tadbirkorlar kengashini tashkil etish hamda mintaqalararo transport yoʻlaklarini rivojlantirish, ipakchilik, paxtachilik va sutni qayta ishlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirish kabi yoʻnalishlar mavjud.
Laziz Kudratovning safari III Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumi ishtiroki bilan davom etdi. Unda ikki davlatning 50 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi. Forum doirasida hududlar rahbarlari va yetakchi kompaniyalar ishtirokida B2B uchrashuvlar oʻtkazilib, mintaqaviy darajadagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Tashrif yakunida vazir bir qator yirik ozarbayjon kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Uchrashuvlarda istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari va qoʻshma investitsiya loyihalari muhokama etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.









