Maʼlum qilinishicha, yaqinda laboratoriyada Xitoyning Leapmotor kompaniyasiga tegishli C16 rusumli avtomobil sinovdan oʻtkazildi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, ushbu avtomobil xalqaro standartlarga, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermaydi (belgilangan meʼyordan 16 baravar koʻp).
“Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DMning sinov laboratoriyasi tomonidan 2025-yil 10-mart kuni SB-0309-388/25-sonli sinov bayonnomasiga asosan UzTR.237-016:2017 standarti, ilova № 3, p.44 boʻyicha “Ustuvorlik va tashqi elektromagnit nurlanishga bardoshlilik (keng polosali elektromagnit shovqinlar)” talablariga nomuvofiqlik holati aniqlangan.
Elektromagnit moslashuvchanlik – elektron qurilmalar va tizimlar oʻrtasida elektromagnit maydonlar taʼsirini minimallashtirish uchun oʻtkaziladigan muhim sinovdir. Bunday sinovlar transport vositalari uchun ham zarur, chunki elektromagnit maydonlarning avtomobil elektron tizimlariga taʼsiri xavfsizlikka jiddiy taʼsir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, elektromagnit nurlanishning inson salomatligiga taʼsiri ham muhim masala hisoblanadi. Tadqiqotlarga koʻra, yuqori darajadagi elektromagnit maydonlar organizmga salbiy taʼsir koʻrsatishi, jumladan, asab tizimi, yurak-qon tomir tizimi va hatto saraton kasalliklari xavfini oshirishi mumkin.
“Shu sababli avtomobil tanlashda xalqaro talab va standartlarga javob beradigan mahsulotlarni afzal koʻrishni hamda avtomobil tanlashda xavfsizlik meʼyorlariga rioya qilgan holda rasmiy dilerlarga murojaat qilishingizni soʻraymiz”, deyiladi xabarda.