Ushbu platformada huquqiy masalalarga javob topishga koʻmaklashadigan yordamchi chat-bot, hujjatlarni huquqshunos ishtirokisiz, konstruktor asosida mustaqil tayyorlashga, ekspertiza qilib berishga, berilgan keyslarga huquqiy amaliyotni tahlil etish asosida javob berishga moʻljallangan xizmatlar jamlangan boʻlib, ularni bosqichma-bosqich joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
Hozirda platformaning huquqiy masalalarga oid savollarga sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasidagi hujjatlar asosida onlayn javob berishga moʻljallangan “LexAI” – sunʼiy intellekt yordamida huquqiy masalalarga javob topishga koʻmaklashadigan chat-bot ishga tushirildi.
Bugungi kunda Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida 48 mingdan ortiq hujjat mavjud boʻlib, shundan amaldagi hujjatlar soni 34 mingdan, yaxlit hujjatlar soni 28 mingdan, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi hujjatlar soni esa 5,7 mingdan ortiq.
“LexAI” chat-botining yaratilishida huquq va IT sohasidagi tajribali mutaxassislar tomonidan 5 oydan ortiq vaqt davomida ishlar olib borildi va natijada mazkur chat-botda amaldagi 34 mingdan ortiq normativ tusdagi hujjat, shuningdek, 604 milliondan ortiq belgilardan iborat bilimlar bazasi oʻqitildi.
Chat-botning asosiy funksiyalari va logikasi Open source manbalarisiz ishlab chiqilgan.
Mazkur chat-bot kelgusida Call-markazlarni avtomatlashtirish, veb-saytlarda virtual yordamchilarni yaratish imkonini beradi. “LexAI” chat-boti – bu nafaqat oddiy texnologiya, balki hayotimizni yaxshilashga imkoniyatdir.