Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 26-aprel kuni telefon orqali muloqot qildi.
Muloqotda Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Oʻtgan yil avgust oyida Ozarbayjon Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari diqqat markazida boʻldi.
Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasida samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 20 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, toʻqimachilik, elektrotexnika, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.
Birgalikda boy madaniy-gumanitar almashinuv dasturi amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi sammitlarga puxta tayyorgarlik koʻrish, jumladan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi, hududlar va rektorlar forumlari, madaniy tadbirlarni oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, boʻlajak koʻp tomonlama, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar.