Liderni yuzaga chiqaradigan asosiy omil — uning ilmidir

    Mamlakatimizda 13 Sentabr 2021 1322

    Respublikamizning barcha hududlaridagi yosh liderlari, kelajak rahbarlari uchun motivatsion uchrashuv tashkil etildi.

    Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Otabek Xasanov “Kelajak liderlari” klubiga aʼzo — 600 nafarga yaqin yosh liderlar bilan uchrashdi.

    —20-30 yosh! Bu davrda haqiqiy lider bilim oladi, tajriba va koʻnikmasini oshiradi. Liderni yuzaga chiqaradigan asosiy omil — uning ilmidir, — dedi O.Xasanov muloqotda. —Maqsadimiz — tizimli ravishda xalqparvar davlat xizmatchilarini tarbiyalab borish va ularni davlat xizmatining eng muhim boʻgʻinlariga ochiq tanlov asosida qoʻyish. Sizlarga bildirilgan ishonchni shijoatingiz, mehnatingiz bilan oqlashingizga ishonamiz.

    Samimiy va doʻstona oʻtgan muloqotda Klubning maqsad-vazifalari, kelajak rejalariga batafsil toʻxtalib oʻtildi. Yosh liderlar ham tashabbus va gʻoyalarini bildirishda yetakchi boʻldi.

    — Bugun men nimani angladim... Davlat xizmatiga salohiyatli va fidoyi kadrlar kerak. Spiker O.Xasanov yaxshi lider — yangi liderlarni kashf etadi, deb taʼkidladi. Safimizni kengaytirish, shaxsiy rivojlanishimizni yanada tezlashtirish, xalq xizmatiga kirishni maqsad qildim. Motivatsion uchrashuv bizga yanada katta kuch berdi, oʻzimizga ishonchimiz ortdi, — deydi Klub aʼzosi Jahongir Norbekov.

    Eslatib oʻtamiz, Klub iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda liderlik koʻnikmalarini shakllantirish, yosh kadrlarni seleksiya qilish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi hokimliklar, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida respublikamizning barcha hududlarida tashkil etildi.