Xoʻsh, liftlardagi xavfsizlik, ularni tekshiruvdan oʻtkazib turish uchun kimlar masʼul? Xizmat muddati oʻtgan liftlarni kim almashtiradi?

Shu va shunga oʻxshash savollarga hudud24 tomonidan javoblar tayyorlandi.

Liftni texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun kim masʼul?

Liftdan kundalik foydalanishda nazoratni uning egasi olib borishi lozim. Lift egasi deyilganda lift joylashgan binoning egasi tushuniladi. Koʻp qavatli uy-joylarda esa uy-joyni boshqarish shirkatlari lift uchun masʼul hisoblanadi.

Uy-joyni boshqarish shirkati liftning har yili kamida bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlashi lozim.

Lift qancha muddat xizmat qiladi?

Liftning pasportida uning xizmat muddati koʻrsatilishi kerak. Agar koʻrsatilmagan boʻlsa, 25 yil xizmat qiladi deb hisoblanadi.

Bu davr mobaynida lift ishlab chiqaruvchi uning xavfsiz ishlashiga javobgar hisoblanadi.

Lift pasporti boʻlmasa undan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, lift pasporti oʻzbek tilida boʻladi, shuningdek, rus yoki ingliz tilida tarjimasi boʻlishi mumkin.

Liftning xizmat muddati tugaganidan keyin undan foydalanish faqat Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Liftda qanday uskunalar boʻlishi kerak?

Liftda yordam qoʻngʻirogʻi tugmasi, havo almashinuvini taʼminlaydigan moslamalar (odam sigʻimiga mos ravishda), yoritish uskunalari boʻlishi shart. Shuningdek, liftda elektr oʻchib qolganda favqulodda yoritish moslamasi boʻlishi lozim.

Lift eshigi avtomatik yopilayotganda odamlarga shikast yetkazish xavfi minimallashtirilgan boʻlishi lozim.

Yangi uyga oʻrnatilgan liftni qabul qilib olish tartibi qanday?

Yangi binoga liftni oʻrnatgan tashkilot va pudratchi (quruvchi) uni tekshiradi va sinovdan oʻtkazadi. Tekshiruv va sinov ijobiy boʻlsa dalolatnoma tuziladi hamda lift egasiga topshiriladi.

Lift egasi liftni qabul qilish boʻyicha komissiya tashkil qilishi kerak va komissiyaga quyidagilar kiradi:

– lift egasi – komissiya raisi;

– buyurtmachi vakili;

– liftni oʻrnatgan tashkilot vakili;

– qurilish tashkiloti vakili;

– Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi inspektori.

Yangi qurilgan koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish dastlabki ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Shunga koʻra, bunda uy-joylarda liftni dastlab qabul qilib oluvchi ham quruvchi boʻladi.

Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi holati boʻyicha davlat nazoratini olib boradi.

Uy-joyni boshqarish shirkati koʻp kvartirali uylarda avariyalarni bartaraf etadigan, 24 soat ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmatini tashkil etishi lozim.

Bunda, lift bilan bogʻliq muammolar vujudga kelganda lift kabinasida oʻrnatilgan aloqa vositalari orqali avariya-dispetcherlik xizmatiga qoʻngʻiroq qilib yordam olish imkoni boʻlishi kerak.

Xizmat muddati oʻtgan liftni kim almashtiradi?

Hukumat qarori bilan 2021-2027-yillarda koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarini taʼmirlash va yangilash dasturi tasdiqlangan.

Dastur doirasida jami 3562 ta liftni taʼmirlash va almashtirish belgilangan hamda bu maqsad uchun 665 mlrd soʻm pul ajratilgan. 2023-yilda 532 ta lift taʼmirlanishi va yangisiga almashtirilishi kerak, ularning 452 tasi Toshkent shahrida.

Dasturni amalga oshirish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masʼul.