Liftlardagi QR-kodlar hech qanday firibgarlar tuzogʻi emas

    Sanoat 26 Sentabr 2025 771

    Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumanidagi mahalla profilaktika inspektorining liftlardagi QR-kodlar orqali amalga oshirilayotgan yangi firibgarlik usuli ekani haqidagi videomurojaati tarqaldi.

    Maʼlumotlarga koʻra, bunday QR-kodlarga kamera yoʻnaltirilganda goʻyoki virus telefonga tushib, shundan soʻng bank kartalaridan pul yechib olinadi.

    Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi bu kabi xabarlar haqiqatga mutlaqo toʻgʻri kelmasligini maʼlum qildi.

    Xabar ijtimoiy tarmoq orqali maʼlum qilinishidan oldin toʻliq oʻrganilmagan hamda aholi oʻrtasida notoʻgʻri fikr shakllanishiga olib kelgan, deyiladi xabarda.

    Qayd etilishicha, amaldagi tartiblarga asosan, respublikamiz hududlarida xususan, Toshkent shahrida ham liftlar holati xatlovdan oʻtkazilib, ularning texnik holati bazasi shakllantirilgan.

    Shuningdek, aholining liftdan foydalanishida uning texnik jihatdan xavfsiz va soz holda ekanligidan xabardor boʻlishi foydalanuvchilarning xavfsizligi garovi hisoblanadi.

    Shu maʼnoda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi tomonidan koʻp kvartirali uylarning liftlariga yopishitirilgan QR-kodli yorliqlar faqat va faqat liftdan foydalanuvchilarning xavfsizligi uchun xizmat qiladi.

    QR-kodli yorliq orqali qoʻmitaning rasmiy veb-saytiga toʻgʻridan toʻgʻri oʻtish va lift haqida batafsil maʼlumot olish imkoniyati taklif qilingan. Bu hech qanday firibgarlik holati emas.

    «Agar Siz ham mazkur holatdagi kabi vaziyatga duch kelsangiz yoki shubhalansangiz Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining quyidagi 71 203 02 39 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingizni soʻraymiz»,— deyiladi xabarda.