Taʼkidlanishicha, Taʼlim inspeksiyasi telegram botiga (@uztdi) ayrim fuqarolar “Termiz shahridagi “UNIVERSITY AT-TERMIZIY” MCHJ tomonidan berilgan diplomlar Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasasi diplomi sifatida tan olinadimi?” deb murojaat qilgan.

Inspeksiyasi yuqorida nomi keltirilgan taʼlim tashkilotiga Oʻzbekistonda oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish huquqini beruvchi hech qanday litsenziyaga ega emasligini maʼlum qildi.

Yaʼni qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, Taʼlim inspeksiyasidan oliy taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun litsenziya olmagan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar tan olinmaydi.

Litsenziya olgan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati haqidagi maʼlumotlar Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi veb-saytiga joylashtirilgan va muntazam yangilanib boriladi.

"Shuni yodda tutish muhimki, tegishli litsenziyaga ega boʻlmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtmagan taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatlar nafaqat Oʻzbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi.

Yuqorida nomi keltirilgan muassasaga oliy taʼlim tashkilot sifatida litsenziya olib, faoliyatlarini qonuniy asosda yuritishlari uchun hech qanday toʻsiq mavjud emas.

Shuningdek, nodavlat oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish istagida boʻlgan tadbirkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli litsenziyani olganlaridan keyingina fuqarolarimiz oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirishlari maqsadga muvofiq," deyiladi xabarda.