Litsenziyalarning qariyb 100 turi va ruxsatnomalarning 35 turi bekor qilinadi va tartibga solishning muqobil usullariga oʻtkaziladi.
Hujjat bilan litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini ikki bosqichda kompleks va tizimli isloh qilish rejalashtirilmoqda.
Birinchi bosqichda inson sogʻligʻiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning soni qisqartiriladi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlaridan ortiqcha hujjat talab qilish amaliyoti bekor qilinadi va mazkur jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish orqali maʼmuriy tartib-taomillar soddalashtiriladi.
Ikkinchi bosqichda litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi qonun hujjatlarini tizimlashtirish va kodifikatsiyalash amalga oshiriladi, davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlari va pasportlarini ishlab chiqiladi.
2021-yil 1-yanvardan boshlab qariyb 100 ta litsenziyaladigan faoliyat turini va ruxsatnomalarning 35 turini, shu jumladan auditorlik, baholash va riyeltorlik faoliyati, avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha tashish faoliyatiga litsenziyalarni bekor qilish koʻzlanmoqda.
Shuningdek, xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishga, trenerlik faoliyatiga, sport inshooti pasportiga ruxsatnomalarni bekor qilish koʻzlanmoqda. Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillar oʻrniga xabardor qilish tartibi joriy qilinadi, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqaradi.
Adliya vazirligiga 2020-yil 1-dekabrga qadar “Litsenziya” axborot tizimini ishlab chiqish topshiriladi, u 2021-yil 1-yanvardan ishga tushiriladi. Bunda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish elektron shaklda“Litsenziya” AT orqali amalga oshiriladi. Bundan iqtisodiy faoliyat subyektlariga “Yagona darcha” bojxona axborot tizimidan foydalangan holda beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda davlat sirini oʻz ichiga olgan litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari mustasno.
Barcha turdagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar, haqqoniyligini onlayn tekshirish imkonini beradigan, QR-kod qoʻyilgan holda rasmiylashtiriladi.
Farmon bilan quyidagilarni taqiqlash nazarda tutilmoqda:
- litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari orasida tuziladigan oʻzaro shartnomalarga almashtirish;
- litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar olish talab etilmaydigan biron-bir faoliyat yoki harakatni amalga oshirish uchun mohiyatan litsenziyalash va ruxsat berish tartibini, shu jumladan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qilish zaruratini joriy etishni nazarda tutuvchi alohida talab va majburiyatlarni belgilash;
- litsenziyalar berish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining elektr energiyasi, tabiiy gaz yetkazib berish, suv taʼminoti va suv chiqarish xizmatlari, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha, shuningdek, ijro hujjatlari boʻyicha qarzdorligi mavjudligi sababli davlat xizmatlarini koʻrsatishni rad etish.
Davlat xizmatlari agentligi “Litsenziya” AT operatori hisoblanadi. Unga litsenziyalash, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish va xabardor qilish tartib-taomillarining davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan rioya etilishi ustidan monitoring amalga oshirish vakolati beriladi.
Uch oy muddatda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarni birlashtirish yoʻli bilan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Loyiha 30.07.2020-yilgacha muhokama qilinadi, oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin.