Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to'g'risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o'qishda ko'rib chiqdilar. Ta'kidlanganidek, qonun loyihasini maromiga etkazishda tadbirkorlar, vakolatli davlat organlari vakillari, milliy va xorijiy ekspertlar, jamoatchilikning fikr-mulohazalari asosida pishiq holatga keltirildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan amaldagi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risida”gi va “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida”gi qonunlar birlashtirilib yagona qonun sifatida qabul qilinmoqda.
Qonun loyihasida 49 ta litsenziyalar va ularning 198 ta kichik turlari, 117 ta ruxsat etish hujjatlari va ularning 116 ta kichik turlari hamda 33 ta xabarnomalar va ularning 80 ta kichik turlarining tugal ro'yxatlari ilovalar shaklida o'z aksini topmoqda. SHuni e'tiborga olish kerakki bu ro'yxat hozircha tugal, agar kelgusida qo'shimcha faoliyat turlari bu ro'yxatga kiritiladigan va undan chiqariladigan bo'lsa, ushbu qonunga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish orqali amalga oshiriladi. Hozirgacha bu ro'yxat O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirib kelingan. SHuningdek, loyiha bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan o'tish tartibi to'liq elektronlashtirilmoqda va “Litsenziya” axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Deputatlarning ta'kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish, ushbu sohadagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali huquqiy tartibga solishni soddalashtirish hamda mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o'qishda qabul qilindi.