Litsenziyasiz xorijga ishga joʻnatayotganlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilmoqda — Migratsiya agentligi

    Xavfsizlik 12 May 2025 543

    Migratsiya agentligi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida “Worldvisa” MCHJ, “Everyone Consult” MCHJ va “Adworld Group” MCHJlar fuqarolardan pul yigʻib, xizmat koʻrsatmaganlik holatlari aniqlandi.

    Migratsiya agentligining maʼlum qilishicha, soʻnggi paytlarda litsenziyaga ega boʻlmagan holda, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirishni vaʼda qilib, konsalting yoki axborot xizmati niqobi ostida noqonuniy faoliyat yurituvchi shaxslar koʻpaygan.

    Agentlik tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida “Worldvisa” MCHJ, “Everyone Consult” MCHJ va “Adworld Group” MCHJ oʻzlarining ijtimoiy tarmoqlardagi eʼlonlari orqali yurtdoshlarimizni xorijga ishga yuborish xizmatlarini koʻrsatayotganliklari, fuqarolardan pul yigʻib, xizmat koʻrsatmaganlik holatlari aniqlandi. Ushbu jamiyatlarga nisbatan huquqbuzarliklar yuzasidan tegishli jarimalar qoʻllanildi.

    Migratsiya agentligi litsenziyaga ega boʻlmagan tashkilotlar orqali xorijda ishga joylashishga urinish fuqarolarning moliyaviy va huquqiy xavf-xatarga duchor boʻlishiga olib kelishidan ogohlantirdi.

    Agentlik fuqarolardan oʻz xavfsizligi uchun rasmiy roʻyxatdagi agentliklar bilan hamkorlik qilishni, har qanday shartnomani imzolashdan oldin uni sinchiklab oʻqib chiqishni, shubhali toʻlovlarni amalga oshirmaslikni eslatib oʻtdi.