Litva Respublikasi notarial palatasi bilan memorandum imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 17 Sentabr 2020 1522

    O'zbekiston Respublikasi Notarial Palatasi va Litva Respublikasi notariuslar Palatasi o'zlarining vakolatlari doirasida va o'z davlatlarining milliy qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga nisbatan o'zaro hamkorlikni amalga oshirish maqsadida memorandum imzolamoqda.

    Eʼtiborlisi, mazkur memorandum shu vaqtgacha kuzatilmagan, noaʼnanaviy tarzda, hamkorlik shartnomasining masofadan turib imzolanishi sifatida tarixda muhrlanib qoladi. Mazkur memorandumning vebinar orqali imzolanishi nafaqat oʻzimiz uchun, balki qoʻshni mintaqaviy mamlakatlar uchun ham hamkorlik oʻrnatishning yangicha koʻrinishidir.

    — Oʻzbekiston Respublikasi Notarial Palatasi notariuslarni birlashtiruvchi idora sifatida Litva notariuslar Palatasi bilan xalqaro doiradagi memorandumning imzolanishi katta hodisa boʻlib, u, eng avvalo, Palatamizning mustaqil tashkilot sifatida xorijda tan olinishi deganidir. Bu esa kelgusida oʻzaro manfaatli har qanday hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi, Palata faoliyatining takomillashib borishi uchun zamin yaratadi, — deydi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov. — Birinchidan, mamlakatlar palatalariga turli koʻrinishdagi xalqaro tadbirlarini tashkillashtirish imkoni beradi. Bunday tadbirlar davomida esa tomonlar, oʻzaro tajriba almashadilar, fikrlashadilar. Shuningdek, tadbir boʻlmagan taqdirda ham, sohada bizni qiynayotgan ayrim muammolar boshqa mamlakatlarda qanday yechim topayotganini, bu muammolarni yechish borasida ular tutgan yoʻl qanchalik natija bergan yoki bermaganini oʻrganish, shunga koʻra kelgusi ishlarni rejalashtirish, qonun loyihalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar tavsiya qilish, jumladan, ular yoʻl qoʻygan xatolarni takrorlamaslik maʼnosida oʻzaro maslahatlashib turish mumkin boʻladi. Umuman, hamkorlikning boshlangʻich hujjati hisoblanadigan memorandum kelajakda aniq maqsadlarda shartnomalar imzolashga asos yaratadi.

    Qolaversa, notariuslarning bevosita faoliyatlarida ham bunday hamkorlikning foydasi koʻp. Masalan, kelgusida oʻzbek notariuslarining tasdiqlagan hujjatlari xorijda hech qanday eʼtirozlarsiz qabul qilinishini taʼminlaydi.

    Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari

    Tomonlar ushbu Memorandumga muvofiq, oʻzlarining qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga, notariuslarning mustaqilligi prinsipiga rioya qilgan holda quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar va maʼlumot almashadilar:

    - notariuslar faoliyati bilan tanishish va ilgʻor tajribalar almashish uchun Tomonlar delegatsiyalari almashinuvini tashkil etish;

    - notariuslar sohasida huquqiy maʼlumotlar, hujjatlar va qonunchilik hujjatlarini almashish va ularni oʻrganib chiqish

    - kasbiy tayyorgarlik, notarial funksiyalarni rivojlantirish va takomillashtirish sohasidagi hamkorlik;

    - kasbni modernizatsiya qilish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek mijozlarga xizmat koʻrsatish madaniyatini oshirish;

    - konferensiyalar, seminarlar, veb-seminarlar, konsultatsiyalar, uchrashuvlar va boshqa shu kabi tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;

    - AT tizimlarini takomillashtirish.

    Memorandum doirasidagi hamkorlikda amalga oshirilgan ishlardan jamoatchilikning xabardorligini yana-da oshirishga yordamlashish maqsadida hamkor tomonlar veb-saytlarida keng yoritib borishga ham kelishib olindi. Bu oʻz oʻrnida boshqa xorijiy mamlakatlar ham Oʻzbekiston Respublikasi Notarial Palatasi haqida xabar topishi va kelgusida boshqa mamlakatlar bilan ham aloqa oʻrnatishga zamin yaratiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi matbuot xizmati