Uchrashuvda Qoʻmita raisi R.Kurbanov ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini mustahkamlash yoʻlida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida qilinishi kutilayotgan masalalar yuzasidan fikr bildirdi. Suhbatda ikki mamlakat aloqalarini turli sohalarda yanada rivojlantirish masalalari, ijtimoiy-siyosiy, madaniy, iqtisodiy va turizm sohalarida hamkorliklar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat davomida R.Kurbanov joriy yil aprel oyida Navoiy shahar hokimi boshchiligidagi delegatsiya Litvaga tashrif buyurgani va tashrif davomida Visaginas va Navoiy shaharlari oʻrtasida oʻzaro “birodarlashuv aloqalari” memorandumi imzolanganini taʼkidlab, tadbirlar koʻtarinki ruxda tashkillashtirilganligi uchun L.Urmanova-Vnukovaga oʻz minnatdorchiligini bildirib oʻtdi.
R.Kurbanov tomonidan Litvadagi vatandoshlar farzandlarini kelajakda Ona Vatanini ziyorat qilish uchun yozgi taʼtil davomida Oʻzbekistonga tashrifini yoʻlga qoʻyish taklifi kiritildi.
Qoʻmita tomonidan Vatandoshlar jamoat fondi hamda Litvadagi oʻzbek madaniy markazi aʼzolari oʻrtasida uchrashuvni tashkil etish boʻyicha takliflar kiritildi.
L.Urmanova-Vnukova samimiy qabul va maʼlumotlar uchun oʻz minnatdorligini bildirib, Litvada istiqomat qilayotgan vatandoshlar haqida maʼlumot berib oʻtdi. Litvada muhojir oʻzbeklarning aksariyati biznes, fan va taʼlim sohalari, turli ishlab chiqarish muassasalarida faoliyat olib borishi, oʻzbek diasporasining bir qismi davlat idoralarida tibbiyot, taʼlim, advokatura, aviatsiya kabi sohalarda xizmat qilishi, litvalik oʻzbeklar huddi Oʻzbekistonda boʻlgani kabi juda mehmondoʻst va oʻzaro ahil yashashi, birgalikda “Navroʻz”, “Mustaqillik kuni” kabi milliy bayramlarni nishonlab kelishi haqida soʻzlab berdi.
Uchrashuvda Litva hukumati qoshidagi Milliy ozchiliklar masalalari bilan ishlash departamentining joriy yil sentyabr oyida Oʻzbekistonga rejalashtirilgan tashrifi ham muhokama qilindi.
L.Urmanova-Vnukova Markazning kelajakda amalga oshirishni maqsad qilgan ishlari, rejalarini aytib oʻtdi.
Jumladan:
- Litvada oʻzbek milliy bayramlarini nishonlash hamda adiblar, atoqli shaxslarga atab tadbirlar tashkil etish;
- 2023-yilda “Anʼanaviy musiqachilar” tanlovini oʻtkazish va ushbu tanlovda oʻzbekistonlik musiqachilar ishtirokini taʼminlash.
Uchrashuv konstruktiv ruhda oʻtdi va L.Urmanova-Vnukovaga Qoʻmita tomonidan esdalik sovgʻalari berildi.