Liviyada suv toshqinlaridan keyin aholini ommaviy emlashga kirishildi

    Liviya sharqida odamlarni keng miqyosda emlash boshlandi. Rasmiylar toshqindan keyin suvning ifloslanishi tufayli yuqumli kasalliklar epidemiyasi tarqalishidan xavotirga tushmoqda.

    Bolalar o'rtasida allaqachon 50 dan ortiq zaharlanish holati qayd etilgan.

    “Birinchi navbatda emlanadigan uch guruh odamlar bor. Birinchidan, bu marhumlarni dafn qilish bilan shug'ullanadigan mutaxassislar. Keyin shifokorlar – ular odamlarni qutqarish uchun o'z sog'lig'ini xavf ostiga qo'yishadi. Va, albatta, 15 yoshgacha bo'lgan bolalar, – dedi Sharqiy Liviya sog'liqni saqlash vaziri Usmon Abduljalil.

    To'fondan eng ko'p Derna shahri jabr ko'rdi. Ikki to'g'on kuchli yomg'irga dosh berolmadi, ko'chalarni suv bosdi. Tabiiy ofat qurbonlari soni 11,5 mingga yaqinlashmoqda. Rasmiylar sharqiy Kirenaika mintaqasidagi uchta hududni falokat zonasi deb e'lon qilib, gumanitar yordam so'ragan, deb xabar beradi mir24.tv.