Lochinlarni 280 million soʻmga pullamoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi

    Xavfsizlik 14 Oktabr 2021 2843

    Yaqinda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan lochinlarni ona tabiatdan ajratib olib, pullashga uringan shaxslar toʻxtatib qolindi.

    Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “KAMAZ” yuk avtotransport vositasi “Sirdaryo” chegara bojxona postida toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, salondagi sport sumkasiga 8 bosh lochinlar yashirilganligi fosh boʻldi. Boz ustiga qushlarga shafqatsizlarcha munosabatda boʻlingan, jonzotlar sumkaga ularning hayoti uchun xavfli tarzda zichlab joylashtirilgan.

    Shu kuni tezkor tadbir Sirdaryo tumanida ham davom ettirilib, ushbu qushlarni sotib olayotgan shaxs ham qoʻlga olindi.

    Mazkur holatda ushlab qolingan 8 bosh lochinlar Oʻzbekistonning 2019-yilda chop etilgan Qizil kitobiga kiritilgan va tabiatan kamyob hisoblanadi hamda ularni ovlash taqiqlangan. Lochinlarning 6 tasi Qizil kitobga Itolgʻi nomi bilan kiritilgan boʻlib, ular tobora yoʻqolib borayotgan tur hisoblanadi.

    Surishtiruvlar davomida maʼlum boʻlishicha, qonunbuzarlar ushbu qushlarni 280 million soʻmga pullamoqchi boʻlgan.

    Hozirda lochinlar Toshkent hayvonot bogʻiga vaqtincha saqlovga topshirildi va mutaxassislarning doimiy nazorati ostida parvarishlanyapti.

    Holat yuzasidan esa bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilyapti, deb xabar beradi Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati.