Uning ishongani, suyangani, bu dunyoda topgan nodir dunyosi Ona Er. Ana shu qutlug' ne'mat Lola opa singari tuproqsevar insonlarga behisob in'omlar bilan birga ulug'lik maqomini ham beradi.
Lola Murotova fermerlik sohasida o'ziga xos tajriba va mahorat maktabi yaratdi. 2019 yil mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz farmoniga ko'ra, “O'zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
Farg'ona shahrida joylashgan Islom Karimov nomidagi Teatr-kontsert saroyida “O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan O'zbekiston Qahramoni, oltiariqlik mashhur fermer Lolaxon Murotovaning hayoti va mehnat faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli fil`m taqdimoti bo'lib o'tdi.
Taqdimot marosimida viloyat hokimining o'rinbosari Fayzullo Qosimov so'zga chiqib, qahramon onaning fidokorona mehnat faoliyati barchamiz uchun ibrat namunasi ekanligini ta'kidladi.
Tantanali tadbirda fil`m qahramoni, stsenariy muallifi, Qo'qon davlat pedagogika instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Zeboxon Qobilova, rejissyor Doniyor Shokirov hamda tasvirchi Said Dalilxon Said Turg'utxonovlarga viloyat hokimligining esdalik sovg'alari topshirildi.
Farg'ona viloyati hokimligi matbuot xizmati