Lolanoma

    Oʻzbek ayollarining betakror timsoli, ibratli umr sohibasi, Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murodovani xotirlar ekanmiz, u ismi jismiga monand ravishda millatning guli, oʻzbekning asl lolasi edi.

    Uning samimiy, pokiza qalbi azim toshlar bagʻrini yorib chiqqan tabiatning tengsiz, bebaho asari - haqiqiy lola gulining goʻzal timsoli edi.

    Tarix guvohki, bu koʻhna Fargʻona zaminidan ne-ne buyuk alloma va zabardast arboblar yetishib chiqqan. Zamonamiz va davrimizning chinakam qahramoni, millatning munis va shijoatkor ayoli Lola Murodova ham ajdodlarimiz asliyatini ifoda etib, aynan shu zamindan maydonga chiqdi.

    Bu mehnatkash ayol Oltiariq elining oddiy dehqon oilasida tugʻildi va taqdir bu jasorat sohibasi zimmasiga ona zaminga mehr berish, minglab xonadonlarga rizq ulashishdek ulugʻvor bir vazifani yukladi. Rahmatli Lola opa bu vazifani umrining poyoniga qadar sharaf bilan ado etdi. U Oltiariqda bogʻlar yaratib, choʻlga qadam qoʻyganida, hatto, er yigitlar ham bu qum barhanlari ichida bir giyohning unib-oʻsishiga ishonmaganlari haqiqat edi. Vaqt va sharoit bilan mardonavor kurashgan Lola opa bu qumliklar aro chinakam moʻjizalar yaratdi, choʻl qumlarini serhosil tuproqqa aylantirdi. Kurashuvchanlik, yaratuvchanlik, shiddatkorligi bilan hosildorlik gektariga 3-4 sentnerdan oshmaydigan shoʻr yerlarda hosildorlikni 35-40 sentnerga yetkazdi. “Qishning qahratonidan, yozning jaziramasidan, tabiatning oʻjarligidan choʻchigan odam fermer boʻlmagani yaxshi”,- degan edi dono ayol.

    Yurtga boʻlgan mehru muhabbati bilan shu bepoyon choʻllarning gavhar lolasiga aylangan Lolaxon Murodova oʻzidan ana shunday oʻchmas iz qoldirdi. Shu aziz xotiralarni yodga olar ekanman, Fargʻona davlat universiteti faxriy professori Lola opa bilan koʻp bor koʻrishib, dildan suhbatlashgan paytlarimiz, telefon orqali muloqotlarimiz, opaning oʻktam ovozi va samimiy soʻzlari hozirgiday qulogʻimda jaranglab turadi.

    Eʼtirof etish joizki, Lola opa Oʻzbekistonda fermerlik harakatiga keng yoʻl ochilishi bilan 2006-yilda birinchilardan boʻlib “Nurli obod” fermer xoʻjaligiga asos soldi. Yerning haqiqiy egasi sifatida yurtimizda fermerlikni rivojlantirish va uni yangi bosqichga koʻtarishga katta hissa qoʻshdi.

    Yoshlik yillaridan boshlab dehqonchilik ilmini puxta oʻrgangan Lola Murodova jamoa xoʻjaligidan tortib, qishloq xoʻjaligida ishni tashkil etish, mexanizatsiyalash, melioratsiya, seleksiya, xoʻjalik boshqaruvi sohasida katta tajriba orttirdi. Markaziy Fargʻonaning choʻl-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirishda yuqori natijalarga erishib, fermerlik sohasida oʻziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratgan Lola Murodova fermer xoʻjaligi daromadlarini ishchilarni ragʻbatlantirish, texnik vositalarni yangilash, innovatsion loyihalar uchun yoʻnaltirgan. Bulardan tashqari, u xayriya ishlariga ham oʻzining munosib hissasini qoʻshar edi.

    Oʻz faoliyatida doimo yangilikka intilib, ezgu tashabbuslari bilan barcha fermerlarga, ayniqsa, yoshlarga ibrat boʻlib yashagan Lola Murodova qishloq xoʻjaligi sohasida ilgʻor agrotexnologiyalarni, boshqaruvning zamonaviy usullari va samarali vositalarini qoʻllash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yosh fermerlar avlodini tayyorlashda oʻziga xos tajriba maktabini yaratdi.

    Mehnat tandirida pishgan, sergʻayrat bu inson bir paytlar yigitlar orzusidagi navniholgina qiz edi. Istarasi quyoshdek issiq, nuryuzli Lola opa zebu ziynatni dalasiga bergan boʻlsada, oq roʻmoli, chit koʻylagi bilan ham juda goʻzal edi. Lekin uning muhabbati bir insonga beriladigan oddiy muhabbat emas – Vatan mehri, ona tuproq sevgisi, el-yurtga berilgan asl muhabbat edi.

    Oʻrta maktabni bitirgach, mehnat faoliyatini jamoa xoʻjaligida traktorchilikdan boshlagan bu innovator ayol texnika bilan ham tez til topishdi, paxta terish mashinasida mavsumda 130 tonnagacha paxta terib, elning nazariga tushdi, 22 yoshida viloyat kengashi deputatligiga saylandi va qayta-qayta xalq noibi boʻlish nasib etdi.

    Paxtachilikdagi muvaffaqiyatli tajribasi tuman boʻyicha ommalashtirildi. Uning himmatidan koʻplab yurtdoshlari bahramand boʻldi, elning toʻkin, farovon yashashi uchun oʻz gʻayrat-shijoatidan rizq-nasiba yaratdi. Shu bilan ona zaminning, Vatanning suyukli qiziga aylandi.

    Quvonarlisi, bugun Lola opaning millat uzra minglab safdoshlari koʻpaydi. Lola Murodova oʻzining qirq yildan ortiq davr mobaynida boy tajribasi, butun bilimi va kuch-gʻayratini diyorimiz obodligi hamda elimiz farovonligiga safarbar etgani, shuningdek jonkuyar, kamtar va oqila oʻzbek ayoli sifatida yosh avlod va butun mamlakatimiz xotin-qizlari uchun chinakam oʻrnak va namuna boʻlib kelgani esa barchamizni shu yurt uchun, Vatan uchun oʻzgarishlar qilishga, oʻzlikni isloh etishga, fidokorona yashashga undaydi.

    Shukrki, mamlakat uzra charaqlayotgan Yangi Oʻzbekiston quyoshi xalqimiz yoʻlini, nafaqat yoʻli, yuragini yoritdi. Millatning ongida, shuurida oppoq subhidamlar ota boshladi. Ushbu taraqqiyot tongi shuʼlasida Lola opa singari zaxmatkashlar koʻksiga ham sharaf shabbodasi tegdi. Yurtparvar Prezidentimiz gʻamxoʻrligi bilan ayollar mehnati yuksak baholandi, ularga keng imkoniyatlar eshigi ochildi.

    Lolaxon Murodovaning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari hamda “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan. Bundanda munosibi esa - Lola opa eng yuksak mukofotga – xalqning abadiy muhabbatiga sazovor boʻldi.

    Har bir avlod oʻz zamonasi qahramonini oʻzi yaratadi. Chunki shu davr hayoti ichida yashagan, unda oʻzi koʻrib, ibrat olgan insonlarini xalq hamisha ulugʻlab keladi. Lola opa ham xalqimiz tanlagan qahramon - Oʻzbekiston Qahramoni edi. Bilamizki, ushbu oliy darajadagi mukofot - Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga davlat va xalq oldidagi qahramonona jasorat koʻrsatish bilan bogʻliq xizmatlari uchun beriladi. Lola opaning shiddati kabi choʻgʻday yonib turgan oliy nishon — “Oltin Yulduz” medali uning koʻksida yarashib turgani bejiz emas. Bu ayol millat qizlariga zaminni sadoqat bilan sevishni, ona yerga berilgan mehr insonga qaytishini, xalqning onalariga mehnatning noni eng ulugʻ rizq ekanligini oʻz hayoti bilan koʻrsata olgan chin qahramondir.

    Odamlar qalbiga quloq tutish, ularning quvonchu tashvishlarida sherik boʻla olish, hayot sinovlaridan metin iroda bilan oʻtishni oʻz faoliyati misolida koʻrsata bilish, bu hikmatni odamiylik ilmi bilan oʻrgatish - Lola opaga xos boʻlgan qahramonona fazilatlardan biri boʻldi.

    Toʻgʻri, Lola opa hozir yonimizda emas, bevaqt oʻlim uni oramizdan olib ketdi. Biroq, u bizlarga bir umrga Vatanga muhabbat va sadoqat qanday boʻlishini, kasbga fidoyilikning haqiqiy namunasini qoldirib ketdi. Ana shunday olijanob fazilatlari bilan hamon qalblarimizda yashayotgan Lolaxon opa butun xalqimiz uchun oʻzbek ayolining haqiqiy timsoliga aylandi.

    Butun hayotini el-yurt ravnaqiga, Fargʻonani obod qilishga bagʻishlagan bu ulugʻ yurtdoshimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida Davlatimiz rahbari viloyatda Lola Murodova nomidagi fermerlar maktabini tashkil etish taklifi bildirilganlarida, fargʻonaliklarning dilidagi istakni goʻyoki toʻgʻridan - toʻgʻri koʻrib turgandek boʻldi.

    Chunki, viloyat shaʼnini oʻz oriyati deb bilgan, gul umrini dalayu dasht choʻllariga baxshida etmoqlikdan buyuk mohiyat topa olgan beqiyos ayol xotirasi bir umr yuraklarda qolishi barchamiz uchun ham vijdon amriga aylandi.

    Mana, endilikda Lola opaning oʻchmas siymosi uchun Fargʻonada abadiy tamal toshi qoʻyilmoqda.

    Oʻzbekiston durdonasi boʻlmish goʻzal Fargʻonaning yangi markazi - “Yangi Oʻzbekiston” shaharchasida xalqimizning tanti va fidoiy farzandi, Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murodova xotirasiga bagʻishlab qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabi ochilishi barchamiz uchun hayajonli va tarixiy yangilik boʻlmoqda. Bu voqelik xalqimiz xotirasida haqiqiy oʻzbek dehqon ayoli timsolini yaratgan rahmatli Lola Murodovaning chin ehtiromi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

    Elimizning ezgu niyatlari va yaxshi umidlar bilan barpo etilgan bu maktabda endilikda nafaqat Fargʻona, balki barcha hududlarimizdan kelgan fermerlar bilim va malaka oshiradilar. Biz kelajak avlodni, har bir oʻgʻil-qizlarimizni Lola Murodova singari matonatli, sadoqatli, fidoiy, vatanparvar, millatsevar insonlar etib voyaga yetkazsak, uning ruhi albatta shod boʻladi.

    Bu qutlugʻ nom olgan taʼlim dargohi kelgusida nafaqat Oʻzbekistonga, balki butun dunyoga qishloq xoʻjaligining eng yetuk kadrlarini yetishtirib berishiga ishonamiz.

    Umidim, xalqimizning har bir xonadonida shunday hokisor va mehnatsevar, yuragida yurt ishqi yongan Lolaxonlar oʻsib-ulgʻaysin!

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori