Hamyurtlarimiz para velosport, para dzyudo, para taekvondo, para suzish va para yengil atletika boʻyicha musobaqalarda oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritdi.
Oltin medallar
Para velotrek boʻyicha erkaklar oʻrtasida 3 km masofaga yakka taʼqib poygasi finalida Bobur Toshtemirov janubiy koreyalik raqibini magʻlub etib, 3:41.263 natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, u Para Osiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi. Bu Oʻzbekiston tarixida para velosport boʻyicha mazkur musobaqalarda qoʻlga kiritilgan ilk oltin medal boʻldi.
Para suzish boʻyicha ayollar oʻrtasida S5 klassida 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida Lolaxon Qodirova 37,88 soniya natija bilan marraga birinchi boʻlib yetib keldi. U oltin medal bilan birga Osiyo rekordini ham oʻrnatdi.
Kumush medallar
Para dzyudo boʻyicha ayollar oʻrtasida J1 klassida 60 kggacha vazn toifasida Uljon Amriyeva finalda xitoylik Shi Ijiye bilan bellashib, kumush medalni qoʻlga kiritdi. Maʼlumot uchun, u Xanchjou–2022 Para Osiyo oʻyinlarida ham bronza medaliga sazovor boʻlgan.
Para dzyudo boʻyicha erkaklar oʻrtasida J2 klassida 70 kggacha vazn toifasida Kemran Nurillayev finalga qadar yetib bordi. Hal qiluvchi bahsda u qozogʻistonlik Ibragim Nurmaxanulaga qarshi kurash olib borib, musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Para taekvondo boʻyicha erkaklar oʻrtasida K44 klassida 58 kggacha vazn toifasida Fayozbek Valijonov finalda Xitoy Taypeyi vakiliga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib, kumush medalga ega boʻldi.
Ayollar oʻrtasida 52 kggacha vazn toifasida ishtirok etgan Umida Mamarajabova ham finalda moʻgʻulistonlik raqibasiga 0:2 hisobida magʻlub boʻlib, kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Para yengil atletika boʻyicha erkaklar oʻrtasida T47 klassida uzunlikka sakrash bahslarida Omadbek Hasanov 6,99 metr natija bilan ikkinchi oʻrinni egalladi.
Bronza medallar
Para dzyudo boʻyicha ayollar oʻrtasida J1 klassida 52 kggacha vazn toifasida Bonu Babayeva indoneziyalik Novia Larassatini magʻlub etib, bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Shuningdek, J1 klassida 60 kggacha vazn toifasida Fotima Toʻirova bronza medali uchun kechgan bahsda qozogʻistonlik raqibasini 100:0 hisobida magʻlub etdi.
Erkaklar oʻrtasida J1 klassida 70 kggacha vazn toifasida Ibrohimjon Akbarov oʻzbekistonlik Qosim Safarqulovni magʻlub etib, bronza medaliga sazovor boʻldi.
Para taekvondo boʻyicha ayollar oʻrtasida 47 kggacha vazn toifasida Qizlarxon Isomiddinova yaponiyalik raqibasini 2:0 hisobida magʻlub etib, bronza medalini qoʻlga kiritdi.