London fond birjasi bilan hamkorlik yanada kengaytiriladi

    Moliya 8 Iyun 2022 2358

    “Oʻzbekneftgaz” AJda London fond birjasi (Buyuk Britaniya) vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va darajasi, hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Suhbat chogʻida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari kompaniyaning umumiy faoliyati, shuningdek, aksiyalarni navbatdagi ommaviy joylashtirish (IPO) borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan uglevodorodlar zaxiralarini xalqaro standartlari asosida mustaqil hisob-kitoblari tizimli ravishda amalga oshirilib, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq audit oʻtkazilyapti. Shuningdek, “DeGolyer & MacNaughton”, “Ernst & Young”, “KPMG, PwC” va boshqa dunyodagi shu kabi nufuzli maslahatchilar hisoblangan maslahatchilar bilan faoliyat samaradorligiga erishilyapti.

    Amalga oshirilgan ishlar natijasida va “Oʻzbekneftgaz” AJning kredit qobiliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida uzoq muddatli kredit reytingi (VV-/Barqaror) berildi, ushbu reyting Oʻzbekiston Respublikasining suveren reytingiga mos keladi.

    Shu bilan birga, “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari aksiyadorlik tarixida ilk bor London fond birjasida RegS/144A formatida 7 yil muddatlik 700 million dollar miqdoridagi yevroobligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirilgani haqida xabar berdi.

    Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomoni London fond birjasi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorligi bildirildi.

    London fond birjasi delegatsiyasi “Oʻzbekneftgaz” AJ aksiyalarini ommaviy joylashtirish muhimligini taʼkidlashdi.

    Bundan tashqari, fond birjasi vakillari tomonidan kompaniyaning barqaror rivojlanishi zarurligi, shu jumladan ESG standartlarini joriy etishni hisobga olgan holda jahon bozorida sanoat kompaniyalari orasida jozibadorlikni oshirish tavsiya etildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz London fond birjasiga 1801-yilda asos solingan va bugungi kunda Yevropaning nufuzli fond birjasidir. Oʻz navbatida, moliyaviy bozor infratuzilmasi hamda daromadi jihatidan dunyoda yetakchi oʻrinni egallaydi.

    Birja jahon aksiyalar savdolarining 30 foizini amalga oshiradi, 6,8 trillion funt sterlingdan ortiq aktivlarni boshqaradi. Jahon valyuta operatsiyalarining 37 foizidan ortigʻini amalga oshiradi.