London fond birjasida navbatdagi xalqaro obligatsiyalar joylashtirildi

    Ularning ikkilamchi bozordagi savdosi bugun London vaqti bilan 08:00 dan barqaror kotirovkalar bilan boshlandi.

    O'zbekiston Respublikasining navbatdagi xalqaro obligatsiyalari ikki transhda – 635 million AQSH dollari miqdorida 3,9 foiz kupon bilan 10 yil muddatga va 2,5 trillion so'm miqdorida 14 foiz kupon bilan 3 yil muddatga chiqarildi hamda Moliya vazirligi tomonidan London fond birjasida joylashtirildi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati xabar qildi.

    Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablag'lar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish va Davlat byudjeti defitsitini qoplash uchun yo'naltiriladi. “2021-yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risida”gi qonunda joriy yilda Davlat byudjeti taqchilligini qoplash uchun 2,2 milliard dollar miqdorida davlat qarzi jalb qilinishi ko'zda tutilgan.Mazkur suveren xalqaro obligatsiyalarini chiqarish maqsadida joriy yilning 8-9-iyul kunlari tashkil etilgan “roud-shou” tadbirlari doirasida:

    AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Lyuksemburg, Shveytsariya, Daniya, Singapur va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarning 50 ga yaqin xalqaro investorlari ishtirokida audiokonferensiya (Global Investor Call) bo'lib o'tdi;

    27 ta yirik xalqaro investorlar, shu jumladan, “Franklin Templeton”, “Payden and Rygel”, “Lazard”, “Wellington”, “Meag”, “BlackRock”, “Marathon”, “Fidelity” va “Bluebay” vakillari bilan yakkama-yakka formatida uchrashuvlar o'tkazildi.

    Xalqaro investorlarning makroiqtisodiy vaziyat, soliq- byudjet siyosati va davlat qarzi dinamikasi, pul-kredit siyosati va inflyatsion targetlash rejimi, Barqaror rivojlanish maqsadlari va yashil iqtisodiyot bo'yicha rejalar, institutsional islohotlar bilan bog'liq bir qator savollariga javob berildi.

    Joriy yilning 12-iyul kuni bank-anderrayterlar tomonidan O'zbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarining dastlabki foiz stavkalari AQSH dollarida 10 yillik muddat uchun 4,25-4,375 foiz va o'zbek so'mida 3 yillik muddat uchun 14,5 foiz atrofida belgilandi va London vaqti bilan soat 08:30da buyurtmalar kitobi ochiq deb e'lon qilindi.

    Buyurtmalar hajmi 3 soat ichida dollar va so'mdagi obligatsiyalar uchun, mos ravishda, qariyb 1 milliard dollar va 2,0 trillion so'mni tashkil etdi.

    Qayd etish lozimki, milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalar O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan O'zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.

    Joylashtirilgan xalqaro obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi savdosi bugun London vaqti bilan 08:00 dan barqaror kotirovkalar bilan boshlandi.

    Moliya vazirligi xalqaro obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi savdosi kotirovkalari bo'yicha muntazam axborot berishni davom ettiradi.