Tadbirdan koʻzlangan maqsad yoshlarning gʻoya va takliflarini eshitish uchun maydon yaratish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish va mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilish boʻldi.

Forumda Britaniyaning Kembrij, Manchester, Lankaster, York, Sasseks, Grinvich, Brunel, Anglia Raskin va boshqa universitetlarida taʼlim olayotgan 40 dan ortiq vatandoshlar ishtirok etdi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev mamlakatda yoshlar siyosatiga doir olib borilayotgan islohotlar, maqsad va vazifalar toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Buyuk Britaniyada taʼlim olayotgan vatandoshlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot davomida ularning respublika taʼlim tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflari tinglandi.

Tadbir doirasida Buyuk Britaniyada taʼlim olgan hamda “Stormpay” moliya texnologiya kompaniyasi asoschisi, vatandoshimiz Otabek Nuritdinov ishtirokchilar uchun motivatsion davra suhbati oʻtkazdi, ular bilan oʻz tajribasini oʻrtoqlashdi.

Tadbir davomida talabalar 6 jamoaga boʻlinib “Munozara” debat bellashuvi hamda “Zakovat” intellektual oʻyinida ishtirok etdi. Birinchi viktorina doirasida, jamoalarga respublika iqtisodiyotining maʼlum bir sohasidagi mavjud muammoni aniqlash va yechimini taklif qilish vazifasi topshirilgan boʻlsa, intellektual oʻyin davomida jamoalar turli mavzularga bagʻishlab tayyorlangan savollarga toʻgʻri javob topishda bellashdi.

Forumda ishtirok etgan barcha vatandoshlar respublika rahbariyati tomonidan yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibordan hamda qiziqarli va yuqori darajada tashkil etilgan tadbirdan xursand ekanini taʼkidladi. Kelajakda mazkur turdagi tadbirlarni muntazam ravishda oʻtkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.