London Siti va Toshkent shahri oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatiladi

    Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov London Siti meri Maykl Maynelli bilan uchrashdi.

    Britaniya tomoni Oʻzbekistonda iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda taʼlim tizimini modernizatsiya qilish sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarni yuqori baholadi.

    “Respublikaning London fond birjasi bilan yoʻlga qoʻyilgan yaqin hamkorligini qoʻllab-quvvatlaymiz. Shuningdek, 21-mayda ushbu platforma orqali Oʻzbekistonning umumiy qiymati qariyb 1,5 milliard dollarga teng navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarining jahon moliya bozorlarida joylashtirilganini olqishlaymiz. Bundan tashqari, biz Britaniya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz”, — dedi u.

    Uchrashuv yakunida Toshkent shahri va London Siti oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish, London Sitida Oʻzbekistonning investitsiyaviy, turizm va madaniy salohiyatiga bagʻishlangan tadbirlarni birgalikda tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    London Siti London shahri tarkibiga kiradi va mahalliy hududdagi hukumat xizmatlari uchun masʼul boʻlgan qolgan 32 ta tumanlar bilan birgalikda faoliyat yuritadi. U oʻzining mahalliy boshqaruv va qonunchilik organlari hamda politsiya xizmatiga ega.

    U 1673-yilda birinchi bank boʻlinmasining tashkil etilishi va 1694-yilda Angliya bankiga asos solinishi bilan dunyoning birinchi moliyaviy markaziga aylangan. Hozirda London Siti yevroobligatsiyalar savdosi, valyuta ayirboshlash, fyuchers kontraktlari va jahon sugʻurtasi boʻyicha tan olingan yetakchi hisoblanadi.

    2022-yilda jahon bozoridagi kunlik valyuta operatsiyalarining (7,5 trillion dollar) 38 foizdan ortigʻi (2,85 trillion dollar) Londonda amalga oshirilgan. Hozirgi kunda ham global valyuta operatsiyalarini nazorat qiladi va dunyoda oltin narxlarini belgilashda asosiy rol oʻynaydi.

    London Sitida London fond birjasi, Angliya banki va “Lloyd” sugʻurta kompaniyasi, shuningdek, 500 taga yaqin xorijiy bank va moliya institutlari joylashgan boʻlib, ularda 615 mingdan ortiq odam ishlaydi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.