Mamlakatimiz elchisi Ravshan Usmanov yangi tayinlangan Buyuk Britaniya Bosh vazirining Oʻzbekiston boʻyicha savdo vakili lord Jon Olderdis bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Britaniya Bosh vazirining Savdo vakillari lavozimi 2012-yilda joriy etilgan boʻlib, ushbu oʻringa mamlakat parlamentining yetakchi namoyondalari tayinlanadi.
Savdo vakillari faqat Birlashgan Qirollik bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyati mavjud boʻlgan mamlakatlarga tayinlanadi va ularning asosiy faoliyati ushbu sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga yoʻnaltiriladi.
Xususan, savdo vakillari Britaniya Savdo va biznes vazirligi bilan yaqin hamkorlikda yangi bozorlarni kashf etish, xorijiy mamlakatlarga biznes missiyalarini tashkil etish hamda Britaniya va xorijiy ishbilarmon doiralari oʻrtasida aloqalarni jadallashtirish masalalari bilan shugʻullanadi.
Suhbat davomida xorijiy tomon Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng-koʻlamli islohotlar va soʻnggi yillarda respublikaning savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari bilan batafsil tanishtirildi.
Lord Jon Olderdis Oʻzbekistonda yuz berayotgan yangilanish va oʻzgarishlarni ijobiy baholab, rasmiy Londonni Toshkent bilan barcha jabhalarda aloqalarini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi.
Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamda taʼlim sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari boʻyicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni roʻyobga chiqarish boʻyicha muloqotni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.