UYEFA YECHL chorak final javob oʻyinlaridan soʻng haftaning eng yaxshi futbolchisini eʼlon qildi. Soʻrov natijalariga koʻra Ispaniyaning “Real” klubi yarim himoyachisi Luka Modrich shu nomga sazavor boʻldi. Xorvatiyalik oʻyinchi “Chelsi”ga qarshi kechgan oʻyinning 80-daqiqasida Rodrigoning goliga assistentlik qildi va yakunda jamoasining yarim finalga yoʻllanma olishiga yordam berdi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, 36 yoshli futbolchining qirollik klubi bilan shartnoma muddati bu yil tugaydi va u kelishuvni uzaytirgani yoʻq. Jurnalist Serxio Santosning yozishicha, Modrich Italiyaning “Yuventus” va Qatarning qaysidir klubidan yaxshi taklif olgan. Ikki klub ham unga ikki yillik shartnoma taklif qilmoqda.

Qayd etilishicha, Modrich maoshi kamaytirilmasa “Real” bilan shartnomasini yana bir yilga uzaytirishi ham mumkin.  

Eslatib oʻtamiz, Modrich 2012-yilda “Tottenhem”dan qirollik klubi safiga oʻtib, shundan buyon “Real” sharafini himoya qilib kelmoqda.